Samarqand shahri, Birlik 1-tor ko‘chasini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi transformator yangisiga almashtirildi

Bugun, 11 aprel kuni Zarnews.uz telegram kanali va saytida o‘rin olgan “Uyda qoldik! “Svetimiz”ni bering – elektrchilar! Samarqand viloyati va shahri elektr tarmoqlari korxonasi mutasaddilari e’tiboriga” sarlavhali maqolada Birlik 1-tor ko‘chasi hududida joriy yilning 8 aprelidan buyon elektr ta’minotida uzilish bo‘layotgani tanqid qilingan.

"Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi" AJ ishchi guruhi tomonidan maqolada ta’kidlangan masalalar yuzasidan o‘rganish ishlari amalga oshirildi.

Haqiqatdan ham ayni kunlarda havoning keskin sovib ketishi va qalin qor yog‘ishi viloyatning qariyb barcha elektr tarmoqlarida avariyalar holatini keltirib chiqardi. Havo yomg‘irli bo‘lsa-da, bugun tezkor brigadalar elektr energiyasidagi mavjud kamchiliklarni bosqichma-bosqich bartaraf etib kelmoqda.

Samarqand shahridagi Birlik 1-tor ko‘chasi xonadonlarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi, Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan TIP-80 transformatorida kabellarning kuygani oqibatini bartaraf etish maqsadida yechib olinib, ta’mirlash uchun shahar elektr tarmoqlari korxonasining markaziy ta’mirlash bo‘limiga keltirildi va ta’mirlandi.

Biroq ushbu ko‘chalardagi ayrim fuqarolar korxona xodimlarining ogohlantirishiga qaramasdan, xonadonlarga ikki-uch tomonlama elektr energiyasi liniyalarini tortib olishgani aniqlandi.

Buning oqibatida ta’mirlangan transformatorda yana kuyish holati kuzatildi. Samarqand shahar elektr tarmoqlari korxonasining tezkor brigadasi xodimlari transformatorni yechib, markaziy ta’mirlash bo‘limiga olib kelindi. Ammo transformator ichidagi simlar ayanchli ahvolga kelganligi sabab, yangi transformatorga almashtirildi.

Shundan so‘ng bugunning o‘zida, soat 16:00 da TIP-80 transformatori hududni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlashni boshladi.

Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘raymiz!

"Samarqand HETK" AJ axborot xizmati.

Eslatib o‘tamizki, 11-14 aprel kunlari kuchli yomg‘ir yog‘ishi, ta’minotda uzilishlar bo‘lishi ehtimoli yuqoriligi uchun iste’molchilardan qo‘yida e’lon qilinayotgan dispetcherlik xizmatlariga murojaat qilishlarini so‘raymiz: