Samarqand shahri Juyichuqur mahallasining buzilgan 15 uyi:“Muammoni kim, qachon hal qiladi?”

Bilishimizcha, hududlarda uy-joylarning sifatli va o‘z vaqtida qurilishida hokimliklar va prokuratura organlarining nazorat funksiyasi mavjud. Shuning uchun bu masala yuzasidan deputatimiz nomidan hokimlikka murojaat qilgandik. Afsuski, xalq deputatlari viloyat Kengashiga hududimizdan saylangan deputat – B.Nasriyevning so‘rovidan keyin ham biror o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.

Aslida masala 2018 yilda boshlangan. “Servis Ulug‘bek yulduzlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati 15 ta xonadon a’zolari bilan kelishib, ularning hovli joylari o‘rnida ko‘p qavatli uy quradigan bo‘ldi. O‘zaro kelishuvga ko‘ra, MChJ ko‘p qavatli uy bitguncha fuqarolarimizga ijara haqini to‘lab turishi belgilandi.

Hududimizda zamonaviy binolar qad rostlashi, odamlarimiz yangi sharoitda yashashidan ko‘pchilik xursand bo‘ldi. Ammo asta-sekin bu masala fuqarolarimizga ortiqcha tashvish keltira boshladi.
Negaki, 2018 yilda Samarqand shahar hokimining xonadoni buzilgan fuqarolarimizning hovli joylaridan ko‘p qavatli uy qurish haqida qarori chiqarildi. Qarorda 15 ta hovli-joy buzilganligi, ular muayyan huquqqa egaligi qayd qilinmagan.

Avvaliga bu holatga e’tibor qilmagan fuqarolarimiz navbatdagi kutilmagan holatga duch kelishmoqda: ko‘p qavatli uy qurilishi mana, 3-4 oydirki to‘xtab qolgan. Vaholanki, ikki tomonlama shartnomada MChJ har oyda qurilish ishlarining borishi to‘g‘risida axborot berib borish majburiyatini olgan.

Amaldagi qonunchiligimizga ko‘ra, ko‘p qavatli uylarda uch tizimli sifat nazorati yo‘lga qo‘yilgan. Uy, avvalo, texnik nazoratdan o‘tadi. Buni «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi nazoratchilari amalga oshiradi. Ikkinchisi — mualliflik nazorati bo‘lib, uni loyihani amalga oshirgan institut bajaradi. So‘ng viloyat qurilish boshqarmasi davlat nazoratini amalga oshiradi.
Bular ishlar amalga oshirildimi-yo‘qmi, bilmaymiz. Ya’ni, qurilayotgan uylar sifatini tegishli mutaxassislar baholaganidan bexabarmiz. Bilganimiz shuki, hovli-joyini ko‘p qavatli uy uchun buzilishga rozi bo‘lgan fuqarolarimizga avval 2 qavatdan kvartira berishni va’da qilgan quruvchi endi 4-5 qavatdagi xonalardan berishini bildirmoqda.
Juyichuqurdagi 15 ta xonadon manfaatlarini kim himoya qiladi?

Sh.Tohirov,
Samarqand shahridagi Juyichuqur mahalla fuqarolar yig‘ini raisi.