Samarqand shahri markazida noqonuniy qurilgan bino-inshootlar buziladi
2018 yilda respublika Bosh prokuraturasi tomonidan Vazirlar Mahkamasi, Qurilish va Madaniyat vazirliklari hamda Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda Samarqand shahrining tarixiy markazida yangi qurilgan bino-inshootlar xatlovdan o‘tkazildi.
O‘rganishlar natijasida 2015-2018 yillarda jami 159 ob’yekt - 75 ta turar joy, 84 ta noturar joy binolari shaharsozlik normalariga to‘liq rioya etilmasdan noqonuniy qurilganligi aniqlandi.
Jumladan, 34 ob’yektga yer ajratish yoki qurilishga ruxsat berishga oid tegishli hokim qarorlari chiqarilmagan, 73 ob’yektning loyihalariga ekspertiza, 102 ob’yektga shaharsozlik kengashi xulosalari olinmagan. Shuningdek, noqonuniy qurilgan ob’yektlarning aksariyati Madaniyat vazirligi va “ToshboshplanLITI” davlat unitar korxonasi bilan kelishilmagan holda qurilgan.
Respublika ishchi guruhi tomonidan o‘rganish natijasida qurilish normalariga rioya qilmaganliklari uchun 132 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan, Samarqand shahar hokimining 56 ta qaroriga protest keltirilgan, 1 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, noqonuniy qurilgan ob’yektlarni buzish haqida sudlarga 12 ta da’vo arizasi kiritilgan.
Shuningdek, mazkur 159 ob’yektning 18 tasi respublika miqyosida, 141 tasi viloyat miqyosida hal etilishi bo‘yicha xulosa tuzilgan.
Bugungi kunda mazkur ob’yektlarni buzish, qisman buzish, ayrimlarini Madaniyat vazirligi va “ToshboshplanLITI” davlat unitar korxonasi xulosalarini olgan holda fasadlari ko‘rinishini o‘zgartirish yuzasidan ishlar boshlandi.
Ochiq osmon ostidagi muzey, deya e’tirof etilayotgan Samarqandning tarixiy qiyofasini yaratish uchun Ko‘ksaroy maydonidagi 12 qavatli viloyat kengashlar uyinining balandligini pasaytirish ham taklif etilyapti.