Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi fuqarolarning uyini buzib tashlamoqchi bo‘lgani haqidagi xabarga munosabat bildirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda "Tuman hokimligi bizni va mahallamizdagi yana bir qancha uylarni buzib tashlamoqchi. Kecha kelib, uydagi narsalarimizni ko‘chaga chiqartirib yuborishdi. Endi yana kelib, uyni ham buzib ketishar ekan. Pulim yetmaganligi sababli kadastr hujjatlarim chala qilingan. Aybimiz kambag‘alligimizmi?” degan mazmundagi post e’lon qilindi.
Ushbu post bo‘yicha Kattaqo‘rg‘onda tumani hokimligi munosabat bildirdi.
Xalq deputatlari Kengashining 2020 yil 15 yanvardagi 01/11-sonli qarorining 4-bandida tuman hududida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun barcha yerdan foydalanuvchilar yer maydonlarida, jumladan, paxta-g‘allachilik, lalmikor g‘allachilik, chorvachilik, baliqchilik, bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik, parrandachilik, asalarichilik fermer xo‘jaliklarida monitoring o‘tkazish, aholi punktlari hududlaridagi uy-joy va noturar ob’yektlarining kadastr hujjatlarini belgilangan nizom asosida rasmiylashtirish, monitoring jarayonida aniqlangan noqonuniy holatlar bo‘yicha tezkor va aniq ma’lumotlar bo‘yicha tegishli chora ko‘rish tuman hokimligi hamda tuman yer resurslari va davlat kadastr bo‘limining zimmasiga yuklatilgan.
Kengashning yuqorida ko‘rsatilgan qarori ijrosi yuzasidan tumanning "Kattaqo‘rg‘on chorvachilik" massivida o‘tkazilgan tekshirish natijalari bo‘yicha aniqlangan noqonuniy holatlar yuzasidan Yer kodeksining 85-moddasi tartibida tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi tomonidan 2020 yil 3 iyundagi 489-sonli taqdimnoma tuman hokimligiga kiritilgan. To‘plangan hujjatlar mutaxassislar tomonidan atroflicha o‘rganib chiqilib, amaldagi qonunchilik talablari bo‘yicha materiallar yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudiga 2020 yil 22 iyulda da’vo arizasi kiritilgan.
Sudga taqdim qilingan hujjatlarda javobgar Suyunova Mavjuda Eliboyevna tuman zaxirasi hisobidagi, tumanning “Kattaqo‘rg‘on chorvachilik” massivi 395-konturidagi 0,12 ga. yer maydonini hech bir huquqiy asoslarsiz, o‘zboshimchalik bilan egallab olib, ushbu yer maydonining 92,30 kvadrat metr qismida noqonuniy ravishda uy-joy qurganligi, shuningdek, javobgar Sharopova Roziya Tashpo‘latovna tuman zaxirasi hisobidagi tumanning “Kattaqo‘rg‘on chorvachilik” massivi 395-konturidagi 0,08 ga. yer maydonni hech bir huquqiy asoslarsiz o‘zboshimchalik bilan egallab olib, ushbu yer maydonining 43,0 kvadrat metr qismida noqonuniy ravishda uy-joy qurganligi hamda ushbu noqonuniy holatlarni javobgarlarning hisobidan bartaraf etish ko‘rsatilgan.
Mazkur fuqarolik ishlari hozirgi kunda sudda ko‘rib chiqilmoqda va yakuniy xulosa sudning qaroridan so‘ng ma’lum bo‘ladi.
Javobgarlar M.Suyunova va R.Sharopovalarga uylari buzilishi yuzasidan tuman hokimligi yoki tumandagi boshqa tashkilotlardan biror-bir kishi borib, ularning uylari buzilishi yuzasidan uchrashmagan. Faqatgina, Suhrob Mirzayev tomonidan qurilgan noqonuniy qurilish uning o‘zi tomonidan buzib tashlangan.
Videolavhada buzilgan qurilma S.Mirzayevga tegishli bo‘lib, hozirda ushbu joyni qonun talablari bo‘yicha rasmiylashtirish jarayoni olib borilmoqda.