Samarqand shahri qaysi hududlar hisobiga kengayadi?

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 iyuldagi farmoyishi bilan Samarqand shahrining bosh rejasini o‘zgartirish hamda shahar hududini kengaytirish masalasini qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Hududini kengaytirish hisobidan Samarqandni millionli shaharga aylantirish maqsadida dastlabki hisob-kitoblar amalga oshirildi.

Bugungi kunda 209 mahallada 548,3 ming kishi istiqomat qilayotgan Samarqand shahri maydoni 12,4 ming gektarni tashkil etadi va 4 ta tuman bilan chegaradosh.

Samarqandni millionli shaharga aylantirish uchun Samarqand tumanidan 15,1 ming gektar yer maydoni va 68 ta mahallada yashovchi 232,3 ming nafar aholi qo‘shilishi rejalashtirilgan.

Past Darg‘om tumanidan esa 19,4 ming nafar aholi yashaydigan 8 ta mahallaning 2137 gektar yer maydoni ko‘hna kent hududiga aylanishi mumkin.

Shuningdek, ishchi guruh Oqdaryo tumanidan 1448 gektar yer maydonni egallagan 9,2 ming nafar aholi mavjud ikkita mahallani ham Samarqand shahriga qo‘shish taklifini bergan.

Toyloq tumanidagi 7 ta mahalla viloyat markazi hudidagi o‘tishi ko‘zda tutilgan. Bu bilan Samarqand shahri 1305 gektar yer maydoni va 11,2 ming nafar aholi hisobiga kengayadi.

Mazkur takliflar amalga oshsa, Samarqand shahri aholisi 820,4 ming nafar, maydoni esa 32,4 ming gektarni tashkil etadi.

Bundan tashqari, talabalar, tumanlardan kelib propiskasiz yashaydiganlar va ishlaydiganlarni inobatga olganda shahar aholisi 1 million kishidan oshadi.

Yo.Marqayev tayyorladi.