Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylar isitilyaptimi?

Viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda viloyatdagi ko‘p qavatli uylarning 67 foizidan ortiqrog‘i isitilmoqda. 129 ta ko‘p kvartirali uylarga 14 ta markaziy va mahalliy qozonxonalar tomonidan xizmat ko‘rsatilmoqda. 1294 ta ko‘p qavatli uy ikki konturli individual qozonlar bilan, 700 ga yaqin uy esa boshqa turdagi isitish vositalari orqali isitilmoqda.

- Davlatimiz rahbarining “2018-2022 yillarda issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Samarqand shahridagi 2 ta qozonxonaga bittadan yangi qozon o‘rnatish, shuningdek, 1 ta yangi qozonxona qurish ishlari yakuniga yetmoqda, - deydi viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi bosh mutaxassisi Rahim Ahmedov. – Mazkur loyihalar uchun 3,15 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, qurilish ishlari yakunlangach, 15 ta ko‘p qavatli uy hamda 5 ta ijtimoiy soha ob’yektini mavsumiy issiqlik energiyasi bilan ta’minlashga erishiladi.

Viloyat “Issiqlik manbai” DUK tomonidan joriy yilgi kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni betalafot o‘tkazish maqsadida viloyatdagi barcha qozonxonalarda joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilganligi ta’kidlanayotgan bo‘lsa-da, ular xizmatidan qoniqmayotgan aholi tomonidan murojaatlar ko‘p bo‘lmoqda. 2021 yil mart oyida qurilishi boshlangan RK-1 qozonxonasi ikkinchi yildirki, hanuz ishga tushirilgani yo‘q.

Turkiyaning “Guksan” kompaniyasi loyihasi asosida bunyod etilayotgan mazkur qozonxona to‘liq ishga tushirilsa, Samarqand shahrining 9 mahallasida joylashgan 92 ta ko‘p qavatli uy, 8 ta ijtimoiy soha ob’yektini isitish mumkin.     

Mazkur ob’yektga borganimizda 50 nafar ishchidan faqat ikki nafar montajchi ishlayotganiga guvoh bo‘ldik. Xorijdan keltirilgan zamonaviy uskunalar o‘rnatilmasdan, bir chetda taxlanib turibdi. Nasos va suvni kimyoviy tozalash sexida ham shu ahvol.

- Artezian suv nasosining montaj ishlarini amalga oshiryapmiz, - deydi montajchi Ravshan Suyarqulov. – Hali qiladigan ishlar juda ko‘p. Taxminan 15 kunlar ichida foydalanishga topshiramiz.

Ustaning gaplariga ishongimiz keladi, biroq bu yerdagi holatni ko‘rib, yil yakunigacha ham qozonxonani ishga tushirolmasalar kerak, degan o‘yga boramiz. Chunki qozonxona hududi obodonlashtirilmagan, tarmoq quvurlari ulanmagan. Haligacha tegishli idoralardan tabiiy gaz va toza ichimlik suvidan foydalanishga ruxsat olinmagan.  

- RK-1 qozonxonasining binosi, 3 ta suv isitish qozoni va unga yordamchi uskunalari o‘rnatilib, 15,4 kilometr masofaga issiqlik tarmog‘i o‘tkazildi, - deydi “Elit Grant” MChJ rahbari Abdulla Bobonazarov. – Yer osti quvurlari ham tashlab bo‘lindi. 92 ta xonadondan 32 tasining yerto‘lasiga issiqlik tarqatish punktlari (ITP) o‘rnatildi. Biroq muddatidan kechga qolayotganimizning sabablari ham bor. Loyihada 42-umumta’lim maktabi hududida issiqlik tarmog‘i o‘tkazilishi kerak edi. Ammo maktab ma’muriyati o‘z hududida kovlash ishlarini olib borishimizga ruxsat bermayapti. Gagarin, Rudakiy, Bag‘dod ko‘chalarida joylashgan ayrim ko‘p qavatli uylarda yashovchilar yerto‘lalarga ITP o‘rnatishga qarshilik qilishmoqda.     

Hudud aholisi bilan suhbatlashganimizda, ularning ko‘pchiligi ikki konturli individual pech yoki elektr isitgichlar orqali uylarini istishayotganini aytishdi.

- Uyimizda 44 ta xonadon joylashgan bo‘lib, uy boshqaruvi bilan kelishgan holda markazlashgan issiqlik qozoniga ulanmaslikka qaror qilganmiz, - deydi Bag‘dod ko‘chasi 12-ko‘p qavatli uyda yashovchi S.Chernisheva.  – Chunki tarmoqdan uzilganimizga 15 yil o‘tgan bo‘lsa, turli yo‘llar bilan isitib kelamiz. Kimdir ikki konturli pech o‘rnatib olgan, yana kimdir elektr pechdan foydalanadi. 

- Ko‘p yillar markazlashgan istish tarmoqlari ishlamagani tufayli gaz plita, qo‘lbola pechlardan ham foydalanib, uyimizni isitib keldik, - deydi Gagarin ko‘chasi 16-uyda yashovchi R.Quvondiqova. – Vaqti kelganida ko‘mir va o‘tinni g‘amlab qo‘ydik. Yangi zamonaviy konditsioner xarid qilgach, uyimizdagi eski cho‘yan isitish batareyalarini olib tashlaganmiz.

-  Ikkinchi qavatda yashayman, uyimni ta’mirlaganimga ko‘p bo‘lgani yo‘q, - deydi Oltin asr mahallasida yashovchi A.Arabboyev. – Shu sababli xonadonimdan “teplotrassa” o‘tkazishlarini xohlamayman, ta’miri buziladi. Shu paytgacha ham arzon, ham qulay bo‘lgan zamonaviy elektr isitgichlardan foydalanib kelganman. Endi bo‘lsa, uylarimizni teshib, isitish batareyalarini o‘tkazishmoqchi.  

“Issiqlik manbai” DUKga qarashli markaziy qozonxonaga 2 ta yangi isitish qozoni o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Yana bitta yangi modul qozonxona qurish loyihasi esa texnik ekspertizadan o‘tkazildi. Ayni paytda qurilishni olib boruvchi pudratchi korxona o‘rtasida tender savdolari o‘tkazilmoqda.

Xullas, Samarqand shahrining minglab aholisi istiqomat qiladigan mahallalardagi ko‘p qavatli uylarning isitish muammosi bartaraf etiladi, deya umid qilganimiz qurilishiga 65,5 milliard so‘m mablag‘ sarflangan RK-2 qozonxonasining joriy yil ham ishga tushishi dargumon. Oldimizda esa qishning sovuq kunlari turibdi. Agar viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi hamda “Issiqlik manbai” DUKdagilar, qolaversa, Samarqand shahar hokimligi mutasaddilari bu muammoga yechim topmasa, aholi murojaatlari yana ham ko‘payadi.

Dilmurod To‘xtayev.