Samarqand shahridagi maktablarda kunlik tozalash ishlarini amalga oshiruvchi xodimlar - farroshlar yetarli emas
Samarqand shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi Pirmuhammad Mahmudov ishtirokida o‘tgan brifingda, jumladan, shunday ma’lumotlar keltirildi.
2020-2021 yilgi o‘quv yilini tashkil qilish, koronavirus pandemiyasi davrida ta’limni bolalar salomatligiga ziyon yetkazmagan holda olib borishda e’tibor qaratilishi lozim jihatlar bo‘yicha Samarqand shahridagi 87 ta umumta’lim maktablarida markazimiz tomonidan o‘rganishlar olib borildi. Ushbu umumta’lim maktablari xodimlari ishtirokida sektorlar kesimida ushbu jarayonni tashkil qilish qoidalari yuzasidan o‘quv-seminarlar tashkil etildi.
O‘rganishlar natijasida amalga oshirilgan ishlar qatori kamchiliklar ham aniqlandi. Xususan, maktablarning 80 foizida zararsizlantiruvchi vositalar yetishmaydi. Maktablarda kunlik tozalash ishlarini amalga oshiruvchi xodimlar, ya’ni farroshlar yetarli emas. Uchinchidan, ushbu maktablarda tibbiy nazorat olib borish uchun tibbiyot xodimlarining yetarli emasligi aniqlandi. Har bir ta’lim muassasasi rahbaridan maktablarga kirishda deinfeksiya to‘shaklari tashkil qilish, har bir sinf xonasida 15 tadan kam bo‘lmagan bola o‘qitilishi, sinf xonalarini har soatda shamollatish, sinflarda har 3-4 soatda namli tozalash ishlarini amalga oshirish, izolyatorlar tashkil etish, tibbiyot xonalari bilan ta’minlash kabi vazifalarni tashkillashtirishlarini so‘raymiz.
To‘g‘ri, har bir maktabda hozirda izolyatorlar tashkil qilingan. Ammo u talablarga javob bermaydi. Sinfdan-sinfga ko‘chishga ruxsat bermaslik, o‘quvchilarning har soat qo‘llarini antiseptik vositalar bilan zararsizlantirish, har kunlik holat bo‘yicha o‘z hududidagi tibbiyot muassasasiga xabar berish talab etiladi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, karantin choralari yumshatilgach, fuqarolar tomonidan karantin qoidalariga rioya qilish holatlari kamaymoqda. Bu holat kasallikning ko‘payishiga zamin yaratmoqda.
Fursatdan foydalanib, aholini sanitariya qoidalariga rioya qilishga chaqiramiz.