Samarqand shahridagi maktablarning qachon ochilishi ma’lum bo‘ldi
Samarqand shahri maktablarida ta’lim jarayoni 14 sentyabrdan onlayn 21 sentyabrdan an’anaviy tarzda 2 ta maktabda 1-4 sinflar uchun bosqichma-bosqich boshlanadi.
Yoshlar markazida bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining navbatdagi o‘n ikkinchi sessiyadagi asosiy e’tibor umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalarining faoliyatiga qaratildi.
Shahar Kengashi raisi B.Obloqulov olib borgan sessiyada dastlab shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri N.Sadinovaning axboroti eshitildi. Ta’kidlanishicha, shahar xalq ta’limi bo‘limi tasarrufida 81 ta umumta’lim maktabi, 1 ta “Barkamol avlod” bolalar markazi va Samarqand davlat universiteti huzuridagi aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat yuritmoqda. Ushbu ta’lim muassasalarida 5 119 nafar pedagog-xodim 96 ming 831 nafar o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berib kelishmoqda.
Joriy yilning 25-26 avgust kunlari mavjud barcha maktablardagi o‘quvchilarning ota-onalari bilan suhbatlar o‘tkazildi. So‘rovnomada 92,2 foiz o‘quvchilarning ota-onalari ishtirok etgan. So‘rovnoma natijasiga ko‘ra 69,1 foiz ota-onalar farzandlarini onlayn tarzda ta’lim olishlarini bildirgan bo‘lsa, 30,9 foiz ota-onalar an’anaviy ta’limni afzal ko‘rgan. Biroq, ota-onalarning katta qismi boshlang‘ich ta’limni an’anaviy tarzda davom ettirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirgan.
Mavjud holatdan kelib chiqib barcha umumta’lim maktablarini yangi o‘quv yiliga tayyorgarligi va belgilangan karantin talablarini amalga oshirish uchun yetarli sharoitning yaratilganligiga qarab bosqichma-bosqich maktablarda an’anaviy ta’limning yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, maktab mikrohududidagi mahallalarning "qizil", "sariq" va "yashil" hududlarga bo‘linishi ham e’tiborga olindi.
Umumta’lim maktablarida an’anaviy ta’lim jarayonlarini boshlash borasida o‘rganish natijalari va muassasalardagi tayyorgarlik jarayonlarining atroflicha muhokamasidan so‘ng deputatlar maktablardagi mavjud holat bo‘yicha shahar sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazining tegishli xulosasiga ko‘ra an’anaviy ta’limga ruxsat berilishiga kelishildi. Bunda ham bosqichma-bosqich, faqatgina boshlang‘ich sinflar uchun an’anaviy ta’lim yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Joriy yilning 21 sentyabrdan shahardagi 9 va 58-maktablarning 1-4 – sinflari uchun an’anaviy ta’lim jarayonini boshlashga ruxsat berildi. Shuni ta’kidlash o‘rinliki, maktablarda an’anaviy ta’lim faqatgina shahar sanitariya-epedimiologiya va osoyishtaligi markazi xulosasiga ko‘ra amalga oshiriladi.
Sessiyada shuningdek, shahar davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini boshlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Muassasalarning tayyorgarligi mutaxassislar va Kengash deputatlari tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijalaridan kelib chiqib, maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini boshlashga ruxsat berish masalasi navbatdagi sessiyada qayta ko‘rib chiqilishi belgilandi.
Sessiya kun tartibida ko‘rilgan barcha masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Shuning bilan shahar Kengashining o‘n ikkinchi sessiyasi o‘z ishini yakunladi.
Samarqand shahar hokimligi Axborot xizmati.