Samarqand shahridagi qurilishlarning uch yillik dasturi tuziladi
Viloyatimiz tuman va shaharlarida amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari, belgilangan loyihalar bugun, 30 oktyabr kuni viloyat hokimi E.Turdimov rahbarligida tegishli mutasaddilar ishtirokida yana bir bor muhokama etildi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.
Jumladan, Samarqand tumani Ohalik massividagi sil kasalliklarini davolashga mo‘ljallangan sihatgoh, Imom Buxoriy majmuasiga olib boruvchi yo‘l yoqasidagi binolar joylashuvi loyiha takliflari, majmua hududida barpo etilayotgan mehmonxonalar loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.
Har bir loyiha mutaxassislar bilan birgalikda atroflicha muhokama etilib, qurilish ishlaridagi har bir jarayonga e’tibor qaratildi. Shu asosida loyihalarga tuzatishlar, qo‘shimchalar kiritildi.
Taqdimotlar jarayonida viloyat hokimi ayni paytda Samarqand shahrida kommunikatsiya tarmoqlari va yo‘l infratuzilmasini rekonstruksiya qilish, ta’mirlash yuzasidan olib borilayotgan ishlarga yana bir bor e’tibor qaratib, bu borada aniq dastur, tizim yo‘qligini tanqid qildi. Bugun suv yoki gaz tarmog‘i yangilanayotgan ko‘chada bir yildan so‘ng boshqa kommunikatsiya tizimini yangilash rejalashtirishgan, keyingi yilda yana boshqasi. Vaholanki, bu yumushlarni har bir soha ishini muvofiqlashtirigan holda bir vaqtda tashkil etish mumkin. Ko‘cha kovlangandan keyin barcha kommunikatsiya tarmoqlarini o‘tkazib, keyin yo‘lni soz holatga keltirish, shu bilan birga, hududni obod qilish zarur. Ana shunda bu ishlarga sarflanadigan xarajat ham kamayadi, vaqt tejaladi, aholi ham yo‘llar kovlanishidan bugungidek bezib qolmaydi.
Shundan kelib chiqib, E.Turdimov qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari hamda kommunal soha rahbar va mutasaddilariga Samarqand shahridagi har bir ko‘cha, hududda keyingi uch yilda amalga oshirilishi mo‘ljallangan qurilish-rekonstruksiya ishlarining dasturini ishlab chiqish va bu dasturlardan har bir kishi, xususan, shahar aholisi tanishishi uchun imkoniyat yaratish topshirig‘ini berdi. Bunda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.