Samarqand tumanida nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi o‘z faoliyatini boshladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 apreldagi “Maktabgacha ta’lim tizimini yanada rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi 3651-PQ-sonli qarorining 1-ilovasiga binoan Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sherikchilik to‘g‘risidagi Nizomga asosan Samarqand tumani “Dehnav” mahallasida Davlat-xususiy sherikchilik asosida “Dilnura Angelina” nomli nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etildi.
Mazkur hududda maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar soni 458 nafarni tashkil etgan bo‘lib, bu hududda davlat maktabgacha ta’lim muassasalari mavjud emasligi, ko‘p sonli fuqarolarning murojaatlarini inobatga olib, tadbirkor San’at Sattorovning tashabbusi bilan muassasa barpo etildi.
Dastlab, tadbirkor hamda Maktabgcha ta’lim vazirligi o‘rtasida bitim tuzilgan bo‘lib, “Orient finans” tijorat banki tomonidan 15 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan 1 foizli stavka bo‘yicha 2.1 mlrd so‘m kredit mablag‘lari ajratilib, qisqa fursat ichida “Farovon Fayz binokor” mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish tashkiloti tomonidan zamonaviy loyiha asosida qurilib foydalanishga topshirildi.
Mazkur muassasada 100 nafar bolalar qamrab olinishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda ro‘yxatga bolalarni muassasaga qabul qilish bo‘yicha ularning shaxsiy yig‘ma jildlari rasmiylashtirilmoqda. Shuningdek, muassasada hududdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlarini o‘qitish uchun muassasadagi tarbiyalanuvchilar umumiy sonining 25 foizi miqdorida imtiyozlar belgilanishi rejalashtirilgan.
Muhtasham bino, malakali mutaxassislar jamoasi, zamonaviy texnika vositalari va jihozlar bilan ta’minlangan maskanda ta’lim-tarbiya jarayonini ilg‘or xorijiy tajribalar asosida olib borish bilan birga, ta’lim jarayonining sifat darajasini ko‘tarish maqsadida rus, ingliz tillarini chuqur o‘rgatish, rasm, badiiy gimnastika, suzish va raqs to‘garaklari tashkil etish uchun malakali mutaxassislar jalb qilingan.
Bir so‘z bilan aytganda, bolalarning har tomonlama yetuk inson bo‘lib ulg‘ayishlari, O‘zbekiston Respublikasida belgilangan Maktabgacha yoshdagi bolalar ta’lim-tarbiyasiga qo‘yiladigan Davlat talablari ijrosini bajarish uchun muassasada barcha imkoniyatlar yaratilgan.
Ma’lumot o‘rnida: Samarqand tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi tasarrufida bugungi kunda jami 39 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi, 40 ta Davlat xususiy sherikchilik asosidagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi, 5 ta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi xamda 1 ta Davlat xususiy sherikchiligi asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat olib bormoqda. Mazkur muassasalarda hududdagi jami 23328 nafar 3-7 yoshli bolalarning 7053 nafari qamrab olingan bo‘lib, bolalar qamrovi 30.2 % ni tashkil etadi. Qamrab olingan bolalarning 5931 nafari Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida, 847 nafari Davlat xususiy sherikchilik asosidagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarida shuningdek 275 nafari Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarida qamrab olingan.
Yil yakuniga qadar tumandagi 11-,12-,15-,17-,31-maktabgacha ta’lim muassasalarining qayta qurilishi, investitsiya dasturi doirasida 2 ta, mahalliy byudjet hisobidan 1 ta Davlat maktabgacha ta’lim muassasasining tashkil etilishi, muassasalardagi mavjud ta’mir talab 12 ta guruh xonalarining ta’mirlanishi, 30 ta oilaviy, 5 ta davlat va xususiy sherikchilik, 15 ta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etish barobarida 4890 nafar bolalar mazkur muassasalarga jalb qilinib qamrov foizi 50.1 ga yetkazilish rejalashtirilgan.