Samarqand tumanidagi aksariyat davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari talab asosida faoliyat ko‘rsatmayapti
Tuman hokimligi ish guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish davomida Ohalik mahallasida joylashgan 6-MTT 53 nafar bolaga taomnomasiz ovqatlar tayyorlanayotganiga guvoh bo‘lingan. Karantindan so‘ng, 3 noyabrda ish boshlagan bog‘chada umuman oziq-ovqat zaxirasi yaratilmagan.
Yangijoy mahallasida joylashgani 39-MTTda tarbiyachi va ishchi xodimlar pandemiya talablariga zid ravishda, niqobsiz faoliyat olib borayotganligi aniqlangan. Ishchi guruh mazkur bog‘chada ham kunlik taomnomaning yo‘qligiga guvoh bo‘lgan. MTTlarda har bir guruhda bola soni 15 nafardan belgilangan bo‘lsa-da, bu yerda bir guruhda 24 nafar bola tarbiyalanayotgani kuzatilgan.
Xoja Ahrori Vali mahallasida joylashgan 1-MTTda elektr pechlardan foydalanilyapti. Bolalarning ovqatlanishi uchun ishlatilgan idish-tovoqlar bolalar yotoqxonasida yuvilayotganligi kuzatilgan. Achinarlisi, to‘plangan chiqindilar bir necha kundan buyon chiqarilmagan.
Ipakchi mahallasidagi 13-MTTda 15 nafar bolaga mo‘ljallangan xonada 24 nafar bolalar tarbiyalanayotganligi, bir kishilik karavotda ikkitadan bola yotqizilayotgani aniqlangan. Guruh xonalari aksariyatining poli yaroqsiz holatga kelib qolgan, nosoz gaz hisoblagichidan gaz sizib chiqmoqda.
Mirishkor mahallasida joylashgan 9-MTTda ba’zi guruh xonalarining poli taxtalari singan, elektr simlari ochiq holatda. Isitish tizimi to‘liq ishlamayotganligi sababli xonalar sovuq. Omborda kuz-qish mavsumi uchun oziq-ovqat zaxirasi yaratilmagan. Bolalar haroratini qayd qilish kitobi yuritilmagan.
Qorasuv mahallasida joylashgan 35-MTT oshxonasi issiq va sovuq suv bilan ta’minlanmagan, isitish tizimi ishlamaydi. Haroratni o‘lchash uchun teplovizor yo‘q.
Qo‘shko‘prik mahallasidagi 25-MTT oshxona va oziq-ovqat ombori sanitariya talablariga javob bermaydi. Oshxonaga issiq va sovuq suv ulanmagan.
Tabiiy savol tug‘iladi, Samarqand tumanida belgilangan talablarga javob beradigan birorta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bormi? Birorta bog‘chada bolajonlar yayrab tarbiya olyaptimi?
Aniqlangan kamchiliklar tuzatilishi hamda tegishli ma’lumot taqdim qilinishini kutamiz.