Samarqand tumanidagi bog‘chada gaz balloni portlaganmidi? (Video)
Ijtimoiy tarmoqlarda 13 iyun kuni Samarqand tumani Andijoni mahallasida joylashgan 30-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi oshxonasida maishiy gaz balloni portlagani va yong‘in vujudga kelgani, yong‘inni bartaraf etish uchun kamida to‘rtta o‘t o‘chirish mashinasi jalb qilingani haqida xabar tarqaldi.
Ushbu holat yuzasidan Zarnews.uz muxbiri Samarqand tumanidagi 30-sonli maktabgacha ta’lim muassasasini borib ko‘rdi. Bolalar bog‘chasi oshxonasida gaz balloni o‘rnatilmagan. Bog‘cha 2009 yildan buyon gaz tarmog‘idan ham uzilgan. Oshxonada elektr toki bilan ishlaydigan plita o‘rnatilgan.
Bog‘cha mudirasi Feruza Qodirovaning aytishicha, oshxonada dog‘lanayotgan yog‘dan olov chiqqan, hech qanaqa gaz balloni portlamagan. Yong‘inni bartaraf etish uchun bitta o‘t o‘chirish mashinasi kelgan.
Ushbu bog‘chada hamshira bo‘lib ishlovchi Zarnigor Ozodova holat bilan tanishish maqsadida tuman hokimi kelganligini tasdiqladi. Shuningdek, voqea joyiga tuman hokimi o‘rinbosari va boshqa rahbarlar kelib holatni o‘rganganligini, bolalar yong‘in holatini ko‘rmaganligini aytdi.
18-MTM bolalar bog‘chasi psixologi Gulruh Rahmatova 30-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi bolalarining ruhiy holatini o‘rganish uchun yuborilgan ekan. Psixolog bolalarning ruhiy holati qoniqarli ekanini, ular hattoki yong‘inni ko‘rmaganini tasdiqladi.