Samarqand tumanidagi oilalarga 100 million so‘mga yaqin subsidiya berildi
Aholi tomorqalarida yengil konstruksiyali kichik hajmdagi issiqxonalarning keng miqyosda qurilishi nafaqat mamlakatning eksport salohiyatini oshirishda, balki aholining qo‘shimcha daromad olishi va farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu sohaga berilgan e’tibor ichki bozorni meva hamda sabzavot mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash va mamlakatning eksport salohiyatini ko‘tarishda muhim omil ekanligi bugun o‘z isbotini topmoqda.
Ushbu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlar kam ta’minlangan oilalar daromadini oshirishga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori shular jumlasidan.
- O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining buyrug‘iga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya va grantlar ajratish tartibi to‘g‘risida nizom ham ishlab chiqilgan, - deydi tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori o‘rinbosari Amir G‘aybiyev. - Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi, yetkazib beruvchi tashkilotlar va tomorqa yer egalari o‘rtasida tuzilgan uch tomonlama shartnomalar asosida yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish, sug‘orish vositalari xarid qilish, urug‘lik va ko‘chatlar sotib olish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 10 baravarigacha bo‘lgan miqdorda subsidiya ajratilishi belgilangan. Subsidiya – qaytarilmaydigan mablag‘ bo‘lganligi sababli, aynan band bo‘lmagan, ehtiyojmand oilalarga ajratiladi.
Tomorqa yer egalari subsidiya ajratishni so‘rab tegishli hududdagi aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga murojaat qiladi. O‘z navbatida, markazning mas’ul xodimi band bo‘lmagan tomorqa yer egasining murojaati kelib tushgan kundan boshlab, 3 ish kuni ichida joyiga chiqqan holda murojaatchining tomorqa yerida yengil konstruksiyali issiqxona qurish, shuningdek, urug‘liklar, ko‘chatlar yoxud sug‘orish vositalari xarid qilinishi uchun tomorqa yerining maydoni va sharoitini o‘rganadi. Shu bilan birga o‘rganish natijasi bo‘yicha dalolatnoma tuzadi. Dalolatnomada o‘rganish davomida aniqlangan barcha ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
O‘rganish natijasiga ko‘ra, murojaat qilgan shaxs band bo‘lmagan hollarda unga, uning tomorqa yeriga mos keladigan yengil konstruksiyali issiqxona o‘rnatish va urug‘liklar, ko‘chatlar yoxud sug‘orish vositalari xarid qilinishi bo‘yicha “Tomorqa xizmati” MChJ, ABKM va tomorqa yer egasi o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Ayni kunlarda mazkur issiqxonalarni qurib berish orqari kambag‘al oilalar bandligini ta’minlash hamda kambag‘allikdan chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
- Yengil konstruksiyali issiqxona qurish uchun subsidiya ajratishini so‘rab, tuman bandlikka ko‘maklashish markaziga murojaat qilgandim, - deydi Shalg‘amon mahallasida yashovchi Maxmur Norov. – Mas’ullar kelib tomorqamizni ko‘rib, 2 million 230 ming so‘m mablag‘ ajratishdi. Issiqxona qurib bitkazilgandan so‘ng pomidor, bodring va turli ko‘katlar ekishni rejalashtirganmiz.
Bugungi kunga qadar tumanda 40 dan ortiq oila ushbu subsidiyadan foydalanish istagini bildirib murojaat qilishgan. Shundan 35 nafar kambag‘al oilaga yengil konstruksiyali issiqxona kurish uchun subsidiyalar ajratildi.
Samarqand tumani hokimligi axborot xizmati.