Samarqand tumanidagi qabriston yeri kimniki?
Ajablanishga shoshilmang. Masala mohiyatini anglagach, sizda ham shunday savol tug‘ilishi tabiiy.
- Ko‘z tegmasin, qishlog‘imiz kun sayin kattalashib borayapti, - deb boshlanadi, tahririyatimizga Samarqand tumani Yuqori Chordara mahallasidan kelgan shikoyat xatlaridan biri. – Tug‘ilish borki, o‘lim bor. Shu bois, qishloq oqsoqollari kelishib, 2003 yilda tuman hokimiga mahalladagi qabristonga qo‘shimcha yer ajratishni so‘rab murojaat qilishdi (bu haqda “Do‘stlik” jamoa xo‘jaligi vakillar yig‘ilishining qaroridan nusxa mavjud). Tuman ishchi guruhi vakillari keldi, sharoitni o‘rganib, dalolatnoma tuzdi. 2004 yil 1 aprelda tuman hokimligi huzuridagi qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi), dehqon va fermer xo‘jaliklariga va boshqa tashkilot, korxonalarga yer uchastkalarini uzoq muddatli ijaraga berish (sotish) masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiyaning bayonnomasi imzolandi. Oradan bir oy o‘tib, 2004 yil 1 mayda tuman hokimining qarori chiqdi. Qarorda qabriston uchun bosqichma-bosqich 3 gektar yer ajratilishi belgilandi.
Muddao nima?
- Bugun ayrim rahbarlar o‘ylaganidek, “ishkal” izlab yuradigan odam emasman, - deydi murojaat muallifi Solejon Azizov. - Ammo haqiqatni axtarib shunaqa nom orttiraman, shekilli.
Yashirib nima qildik, qabristonlardagi mavjud ahvol joylardagi keksa kishilar va aksariyat imomlar e’tibor qiladigan ishga aylanib bormoqda. S.Azizov bilan ham qariyb shunday bo‘lgan. U 2004 yilda tuman hokimining qarori bilan qabriston uchun 3 gektar yer ajratilganini biladigan sanoqli kishilardan biri sifatida bu joyning chegaralarini belgilab berish uchun tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limiga murojaat qiladi. Bilsaki, yer yo‘q. Nega?
Shikoyat muallifiga 2019 yil 29 noyabrda berilgan javob xatiga ko‘ra, Yuqori Chordara mahalla fuqarolar yig‘iniga mayitlar qo‘yish joyi (qabriston) uchun ajratilgan yer maydonida hozirgi kunda fuqarolar I.Baratov va N.Xolov tomonidan o‘zboshimchalik bilan issiqxona qurib, noqonuniy foydalanib kelinmoqda.
“Bo‘lim mutaxassislari tomonidan ushbu fuqarolarga yozma ogohlantirish xati berilganligini ma’lum qilamiz”, deyiladi boshliq vazifasini bajaruvchi B.Rizaxanov imzolagan javob xati so‘ngida.
Yer sotgan er bo‘lmaydi, er kishi yer sotmaydi
Oybekning “Qutlug‘ qon” romanida Mirzakarimboyning Yo‘lchiga aytgan bu gapini Samarqand tumanidagi mutasaddilarga eslatib turish shartday, nazarimda. Negaki, ko‘pchilik manfaati uchun jon kuydirayotgan murojaatchi viloyat IIB boshlig‘ining sayyor qabulida masalani takror ko‘targach, endi jiddiyroq javob oladi.
“Yermulkadastr” davlat korxonasi Samarqand tuman filiali boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi B.Radjabov imzolagan javob xatida shunday deyilgan:
“Tuman hokimining 01.05.2004 yil 201-sonli qarori bilan yangi qabriston qurish uchun ajratilgan 3 gektar yer maydoni tuman hokimining 16.10.2009 yil 1059-sonli qarori bilan bekor qilingan bo‘lib, tuman hokimligi zaxira yerlar hisobiga qaytarilgan.”
Qizig‘i shundaki, oradan bir kun o‘tib, ya’ni 21 dekabr sanasida tuman hokimi N.Mavlonov imzosi bilan aynan shu mazmunda javob xati berilgan. Ajablanarlisi, unda tuman hokimining qabriston uchun yer ajratish to‘g‘risidagi qarori 2019 yilda bekor qilinganligi, bildiriladi.
Da’vogaring qozi bo‘lsa
- Rosti, meni bir narsaga hayronman: tuman hokimining qabristonga yer ajratish to‘g‘risida 2004 yilda chiqarilgan qarori bekor qilinganmikan, - deydi S.Azizov. – Masala yuzasidan berilgan javob xatlari menda turli shubha-gumon uyg‘otayapti. Birovni ayblash fikridan yiroqman, ammo kadastr yoki arxitektor yeng uchida ish bitirib, ushbu yer maydonining taqdirini hal qilib yubormaganmikin?
Agar shunday bo‘lmasa, nega viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi boshlig‘i S.Hakimovning nomidan ham mazmuni aynan tuman bo‘limi tomonidan berilgan xat singari javob berilgan? Matnda bitta so‘z almashmasa-ya?!
Mayli, qabriston yeri 2009 yilda zaxiraga olingan ham deylik. Unda nega tuman hokimining o‘sha 2009 yilgi qarorida tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limiga 2011 yil 1 yanvar holatdagi yer balansiga o‘zgartirish kiritish vazifasi topshirilgan?
Savol-ustiga savol tug‘ilaveradi: xo‘p zaxiradagi yerlardan fuqarolar o‘zboshimchalik bilan foydalanib kelayotgan ekan, 2019 yilda murojaatimdan keyin buni bilib qolgan mutasaddilar oradan shuncha vaqt o‘tsada nega tegishli chora ko‘rmayapti?
Masala muhokamalari davomida bildikki, qabriston uchun ajaratilgan yer maydonida bugun ayrim fuqarolar uy-joy qurib yashab kelmoqda. Ularning ayrimlari qo‘shni tumanlardan ham kelgan. Qizig‘-a, boshqa tumandan kelgan fuqaro Yuqori Chordara mahallasida bo‘sh turgan yerni ko‘rib, darrov uy-joy qurib olsa-ya?! Ishonging keladi. Axir berilayotgan javob xatlari shunga majbur qiladi-da.
Ha, shikoyat muallifining kuyinganicha bor. Chunki u masala yuzasidan nafaqat ichki ishlar idorasiga, hatto tuman prokuroriga ham murojaat qilgan. Ammo javob o‘sha-o‘sha: “qabriston uchun yer ajratish to‘g‘risidagi tuman hokimining qarori bekor qilingan va yer zaxiraga olingan. Bu yer maydonidan bugungi kunda ayrim fuqarolar noqonuniy foydalanib kelmoqda.”
Maqolani tayyorlash jarayonida yanada qiziq holat ro‘y berdi.
- Hokimni 2004 yilgi qarori bekor bo‘lishiga ekologiya xulosasi olinmaganligi va sanitariya qoidalariga rioya qilinmaganligi sabab bo‘lgan ekan, - deydi S.Azizov. – Unda mana bu muhrlar nima uchun qo‘yilgan?
Murojaatchining qo‘lida «kelishildi», degan yozuv bilan viloyat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasining boshlig‘i T.Xudoynazarov hamda viloyat sanitariya-epidemiologik stansiyasining bosh hakimi N.Xodjayevlarning muhr bilan tasdiqlangan imzosi bosilgan qishloq va qabriston uchun ajratilgan maydon xaritasi turardi.
O‘ylaymizki, masalaga viloyatdagi mutasaddilar jiddiy munosabatda bo‘lishadi. Nizoli yer maydoni tuman hokimligi zaxirasidami yoki qabristonga tegishlimi, aniqlik kiritishadi. Aybdorlarga chora ko‘rish yo ko‘rmaslik esa butunlay boshqa masala.
Yoqubjon MARQAYeV.