Samarqand tumaniga press-tur: 2022 yildan tumandagi g‘alla maydonlari o‘rniga sabzavot mahsulotlari ekiladi

Samarqand tumanida 290,6 gektar issiqxona xo‘jaliklari mavjud bo‘lib, 27 gektari Janubiy Koreya, 4 gektari Xitoy, 2 gektari Turkiya uslubidagi va qolgani mahalliy uslubdagi issiqxonalarni tashkil etadi.

Tumanga uyushtirilgan press-turda jurnalist va blogerlarga Koreya va Turkiya texnologiyalari asosida tashkil etilgan issiqxonalar tanishtirildi. “Ixtiyor qurilish servis” MChJga qarashli 2 gektarli issiqxona 2017 yilda Koreya texnologiyasi asosida barpo etilgan bo‘lib, 2018 yildan ish boshlagan. Unda 33 nafar ishchi-xodim mehnat qiladi.

Issiqxonada deyarli barcha ishlar texnika asosida boshqariladi. Yerning namligiga qarab ko‘chatlar avtomatik tarzda tomchilatib sug‘oriladi. Pomidorlar gidroponika usulida yetishtirilyapti.

- Pomidor ko‘chatlarini oktyabr oyida ekkanmiz, - dedi “Ixtiyor qurilish servis” MChJ agronomi, turkiyalik Aran Kaya. - O‘zbekiston quyoshli o‘lka bo‘lgani bilan yerlari sho‘r, almashlab ekish ishlari yaxshi emasligi tufayli unumdorlik kam. Shu sababli biz issiqxonadan yiliga 200-250 tonna pomidor olyapmiz. Turkiyada esa bundan ko‘p hosil olinadi. Bu yerga uch yillik shartnoma asosida kelganman.

“Grin Agro Tred” MChJga qarashli 3 gektarlik issiqxona esa Turkiya texnologiyasi asosida barpo etilgan.

- Issiqxonamiz 2020 yilda ishga tushdi, - dedi jamiyat direktori Soli Rahimov. – Pomidor urug‘larini Turkiyadan keltirib ekyapmiz. O‘tgan yili 5 tonna hosil oldik. Bu yil kuzda quyoshli kunlar kam bo‘lgani sababli hosilimiz o‘tgan yilgidan kamroq bo‘lyapti. 

Issiqxonada yetishtirilayotgan pomidorlar chet elga va mahalliy bozorlarga chiqariladi.

Press-tur davomida jurnalist va blogerlar tumandagi “Stekloplastik” MChJ faoliyati bilan ham tanishdi. Ushbu korxona 1982 yilda tashkil topgan bo‘lib, dastlab bu joy qayiqsozlik zavodi bo‘lgan. Bugungi kunda zavod tibbiyot, sport tovarlari, shuningdek maktablar uchun stol-stul, parta kabi 600 dan ortiq mahsulot ishlab chiqarmoqda.

Bundan tashqari, zavodda “MAN” avtobuslari uchun 70 turdagi, “SamAvto” avtobuslari uchun 19 turdagi detallar tayyorlanadi. Zavod o‘tgan yili 42 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqargan. Bu yil 60 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarishni rejalashtirgan.

Press-tur ishtirokchilari tumandagi “Istiqlol shu’lasi” fermer xo‘jaligiga qarashli shifer zavodida bo‘ldi.

- Zavodda 1 sutkada 4,5-5 ming dona shifer ishlab chiqariladi, - dedi bosh injener Farhod Narziqulov. – Bir smenada 15 nafar ishchi ishlaydi. Ish 2 smenada tashkil qilingan. Ishchilarga ikki mahar issiq ovqat beriladi, ishga kelishlari uchun transport tashkil qilingan.

Tumanda “Gulobod agrologistika markazi” bo‘lib, u yerda oziq-ovqat mahsulotlarining ulgurji savdo bozori tashkil etilgan. Jurnalist va blogerlar press-tur davomida ushbu bozor faoliyati bilan tanishdi.

- Bu yerdan tarqatilayotgan mahsulotlar nafaqat tumanga, balki Urgut, Toyloq, Bulung‘ur tumanlariga ham olib ketiladi, - dedi tuman hokimi Nosir Mavlonov. – Shuningdek, Surxondaryo, Qashqadaryodan keltirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari ham ushbu bozordan boshqa joylarga tarqatiladi. Aslida bozor qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun tashkil etilgandi. Bu yerdagi har tomonlama qulay sharoit tufayli bozorda bugungi kunda tadbirkorlar soni 500 dan oshib ketdi. Keyingi paytda bozorda boshqa mahsulotlar ham sotilyapti. Bozor tashkil etilganiga 4 oy bo‘ldi. Hali o‘ziga yarasha muammolari bor. Kelajakda bozor kengaytirilib, supermarket, gipermarket tashkil etiladi. Bu yer haqiqiy logistika markaziga aylanishi kerak.

Bizning oldimizda juda katta rejalar turibdi. Prezidentimizning viloyatimizga tashrifi davomida viloyat faollari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 2022 yildan Samarqand tumanidagi g‘alla maydonlari o‘rniga sabzavot mahsulotlari ekish topshirig‘i berildi. Shuningdek, tumanda mahsulot yetkazib berish xizmati bilan shug‘ullanadigan kompaniya tashkil etiladi. Tumanda 2 ming gektardan ortiq yerga sabzavot ekiladi va mahsulot birinchi navbatda Rossiya bozoriga eksport qilinadi.

Ma’lumot uchun shuni aytish kerakki, tumanda joriy yilda 57 ta eksportyor korxona tomonidan 14 328,0 ming AQSh dollari miqdorida eksport amalga oshirilgan.

Xurshida Ernazarova.