Samarqand va Sichuan hamkorligi rivojlanadi

Samarqand shahrida mahalliy ishbilarmonlar va Xitoyning Sichuan provinsiyasi tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida biznes forum o‘tkazildi.

Tadbir avvalida Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari F.Abilov hamda Sichuan provinsiyasi savdo-sanoat palatasi tashqi savdo va innovatsiyalar departamenti boshlig‘i Yin Jiahui xonim barcha sohalarda rivojlanib borayotgan O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari haqida so‘z yuritib, forum ishiga muvaffaqiyat tiladi.

– Davlatimiz rahbari shu yilning may oyida Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida Samarqand viloyati hokimligi va Xitoyning bir qator mintaqalari rahbarlari, yirik kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilgandi, – dedi F.Abilov. – Jumladan, Sichuan provinsiyasi rahbariyatida bilan muloqotlarda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishgandik. Mazkur biznes forum ana shu kelishuvlarimizning dastlabki amaliy qadami hisoblanadi va bu ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishiga ishonamiz.

– O‘zbek xalqidagi singari bizda ham “uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shni yaxshi” degan maqol bor, – dedi Yin Jiahui xonim. – O‘zbekiston biz uchun yaqin qo‘shni mamlakat va bu davlat bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Keyingi yillarda davlat rahbarlarining sa’y-harakati tufayli mintaqalar o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy aloqalar mustahkamlanib bormoqda. Buning natijasida 140 million aholi yashaydigan Sichuan provinsiyamiz va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo hajmi 2022 yilda 5,5 milliard dollarni tashkil etdi. Joriy yilda bu raqam yana ham oshishi kutilmoqda. Samarqandga bu gal 26 ta yirik korxona va kompaniyalar vakillari bilan birga kelganmiz. Ular orasida energetika, konchilik, qurilish, sanoat sohalari vakillari bor. Bir nechta tayyor loyihalar bilan kelgan tadbirkorlarimiz ham kam emas. Biznes forumdan tashqari, viloyat rahbariyati, mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqchimiz, korxonalar faoliyati bilan tanishamiz. O‘ylaymanki, bu tadbirlar ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarimizni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Biznes forumda Samarqand viloyatining iqtisodiy salohiyati va investitsiyaviy jozibadorligi, turistik imkoniyatlari, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi faoliyati bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. O‘z navbatida sichuanlik tadbirkorlar, yirik kompaniyalar vakillari o‘z faoliyati bo‘yicha ma’lumot berib, hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihalarini taqdim etdi.

Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilovning ta’kidlashicha, keyingi paytda Samarqandga kelayotgan turistlar orasida xitoyliklarning ulushi oshib bormoqda.

– Pandemiya tugagan  dastlabki vaqtlarda Xitoydan 2 ming nafar sayyoh kelgan, – dedi R.Qobilov. – Ularning ham ming nafarga yaqini tadbirkorlar hisoblanadi. Bu yil esa, shu paytgacha Xitoydan 14,5 ming nafar sayyoh viloyatimiz mehmoni bo‘ldi. Albatta, ular orasida ishbilarmonlar ko‘p. Lekin keyingi paytda faqat sayohat uchun yurtimizga kelayotgan xitoyliklar soni oshib borayotgani quvonarli. Yaqin oradagi bu mamlakatning ko‘plab mintaqalaridan Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvozlarni yo‘lga qo‘yish kutilmoqda.

– O‘zbekistondagi elchixonamiz huzurida ochilgan bizning tashkilotimizning maqsadi ikki mamlakat tadbirkorlik sub’yektlarining davlat organlari bilan munosabatlarida ko‘prik vazifasini o‘tash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iborat, – deydi O‘zbekistondagi Xitoy kompaniyalari savdo-sanoat palatasi ijrochi raisi Lui Yuy. – Ko‘p tarmoqlimiz va turli sohalarda ishlaydigan tadbirkorlarga amaliy yordam beramiz. Bugungi kunda O‘zbekistonda xitoyliklar bilan hamkorlik tashkil etilgan 2000 dan ortiq korxona faoliyat olib bormoqda. Bular asosan neft- gaz, temiryo‘l, qishloq xo‘jaligi, metallurgiya, tibbiyot, axborot texnologiyalari sohalariga to‘g‘ri keladi. Tadbirkorlar bizning ko‘magimizdan minnatdor. O‘z navbatida davlat rahbarlari ham assotsiatsiyamiz xizmatlarini e’tirof etishgan. Menga O‘zbekiston, bu yerdagi biznes muhiti yoqadi, buni tadbirkorlarimizga ham qayta-qayta aytaman. Samarqandni juda yaxshi ko‘raman. Shuning uchun bizning quruvchilarimiz yangidan bunyod etiladigan Shirin massivi qurilishida ishtirok etmoqchi.

Biznes forum doirasida V2V va G2V uchrashuvlari o‘tkazildi.

Sichuanlik tadbirkorlarning Samarqandga tashrifi davom etmoqda. Mehmonlar viloyatda faoliyat olib borayotgan yirik ishlab chiqarish korxonalari, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi faoliyati bilan tanishishi ko‘zda tutilgan.