Samarqand veterinariya meditsinasi instituti viloyatdagi 150 ga yaqin maktab bilan hamkorlik qiladi

Prezidentimizning “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid  qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirilayotgan mazkur hamkorlik maktablardagi ta’lim-tarbiya jarayonlari bilan yaqindan tanishish, bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga jalb qilish, iqtidorli o‘quvchilarni yuqori sinflardan turli zamonaviy kasblarga yo‘naltirishni maqsad qilgan.  

Past Darg‘om tumanining Juma shahrida joylashgan 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ayni kunda 1600 nafardan ziyod o‘quvchi ta’lim oladi. Joriy o‘quv yilida maktabning 23 nafar bitiruvchisi respublika oliy ta’lim muassasalariga  o‘qishga qabul qilingan.  Maktab o‘quvchilari fan olimpiadalari, bilimlar bellashuvlarining tuman va viloyat bosqichlarida  muntazam g‘oliblikni qo‘lga kiritadi, sport musobaqalari, turli bellashuvlarda faol ishtirok etadi. Muassasada fan to‘garaklari ham imkon darajasida, karantin qoidalariga muvofiq ishlab turibdi. Biroq ushbu ta’lim muassasasining o‘ziga yarasha muammolari, hal etilishi lozim bo‘lgan kamchiliklari ham borligi o‘rganishlar davomida qayd etildi. Jumladan, maktab binosi 800 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lishiga qaramasdan, bu yerda ikki baravar ko‘p bola o‘qiydi. Shu bois jami 58 sinfdan 15 tasi hududdagi kasb-hunar kollejiga ko‘chirilgan. Maktab binosi o‘tgan asrning 60-yilida foydalanishga topshirilgan. Shu paytgacha bino Davlat dasturi asosida biror marta kapital yoki joriy ta’mir etilmagan.

SamVMI rahbariyati maktab hayoti bilan yaqindan tanishdi. Institut rektori X.Yunusov shu yerda mazkur tumandan institutga biriktirilgan 25 ta maktabning kimyo, biologiya, fizika va chet tili fanlari o‘qituvchilari uchun malaka va tajribasini oshirish maqsadida seminar-trening mashg‘ulotlari tashkil etishini bildirdi.

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti axborot xizmati.