Samarqand veterinariya meditsinasi institutida qo‘shma dastur asosida yangi fakultet ochilmoqda
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Latviyaning Tabiiy fanlar va texnologiyalar universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma dastur asosida oziq-ovqat sifati va innovatsiyalar fakultetini tashkil etdi.
Mazkur fakultetga joriy 2020 yildan boshlab bakalavr ta’lim yo‘nalishiga va magistratura bosqichiga talabalar o‘qishga qabul qilinadi. Talabalar «2+2» ta’lim dasturi asosida ikki yil Samarqand veterinariya meditsinasi institutida va yana ikki yil Latviya universitetida ta’lim oladi. Bitiruvchilarga har ikki oliy ta’lim muassasasini bitirganligi haqida maxsus diplom beriladi. Mashg‘ulotlar rus va ingliz tillarida olib boriladi.
Oziq - ovqat sifati va innovatsiyalar ta’lim yo‘nalishida tahsil olgan talabalar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlovchi zamonaviy laboratoriyalarda, ilmiy tekshirish institutlarida, sifatni nazorat qilish idoralarida ishlash bilan birga, rivojlangan Yevropa mamlakatlarining tajribasini O‘zbekistonda tadbiq etish va mamlakatimizda yetishtirilgan meva-sabzavotlarning xavfsizligini ta’minlash va eksportbopligini oshirishda bevosita ishtirok etadi.
Darhaqiqat, meva va sabzavotlarni qayta ishlash orqali yana bir yangi mahsulot turini yaratish imkoniyati mavjud. Ularni jahon talablari asosida qayta ishlab, qadoqlab, eksportbop mahsulot yaratish va uni halqaro sertifikatlarga moslashtirish uchun bizga yaxshi mutaxassislar zarur. Samarqand veterinariya meditsinasi institutida endilikda ana shunday mutaxassislar tayyorlanadi.
Samarqand veterinariya meditsinasi
instituti axborot xizmati.