Samarqand viloyat hokimidan jurnalist Karimberdi To‘ramurod nega norozi?

Samarqand viloyat hokimi sakkiz marta shahar va tumanlarda sayyor qabullar o‘tkazdi. Men ularni OAV orqali kuzatdim, qabullarda juda ko‘plab odamlar ishtirok etishini, murojaatchilar oddiy angushvonadan tortib, maishiy texnikagacha, mashinadan tortib, uy-joygacha so‘rashlarini eshitib yurdim.

Ochig‘i, men o‘zimni hokimlardan sal chetga tortib yurganim uchun ham bunday qabullarga bormay yurdim. Yana “Bir hokimga kelganchalik odam menga ham murojaat qilayapti-ku?” degan ozroq kibrim ham bor edi.

Siz nega sayyor qabullarga bormayapsiz? – deb so‘rab qoldi bir do‘stim. – Sayyor qabullarda juda g‘alati ishlar bo‘layapti, borsangiz, yozishingiz uchun ko‘p mavzularni topasiz. Bilasizmi, 4-5 ta “dejurniy” murojaatchilar bor, hokim shaharda qabul o‘tkazadimi, Urgutda o‘tkazadimi, uzoq Paxtachi yo Qo‘shrabotda o‘tkazadimi, albatta, o‘shalar boradi va birinchi qatorga o‘tirib oladi. Tartib o‘rnatuvchilar ularga “Siz oldingi safar ham keluvdingiz-ku, bir safar dam ola qoling”, deb ko‘rsin-chi, tomoshani ko‘rasiz. Ishonchim komil, o‘shalar viloyat hokimi Qoraqalpog‘istonda sayyor qabul o‘tkazsa ham borishadi.

9-qabul Qoraqalpog‘istonda emas, shaharning biqinidagi Samarqand tumanida bo‘lgani uchun men ham bordim, do‘stim “tomoshani ko‘rasiz”, degani uchungina bordim. Yomg‘ir yog‘ayotganiga qaramay, mingga yaqin odam yig‘ilgan edi. Mening e’tiborimni tortgan narsa shu bo‘ldi-ki, qabulga juda ko‘plab nogironlar kelgan edi, biri aravachada, birining ko‘zi bog‘langan, yana qaysidir eshitmaydi, qo‘ltiqtayoqda kelganlari qancha, qaysi birini ikki kishi qo‘ltiqlab olgan. Yana bir narsa e’tiborimni tortdi: ko‘pchilik ayollar bir bolasini bag‘riga bosib, kamida 2-3 ta bolasini yetaklab olgan. Bolalari goh u yoqqa, goh bu yoqqa “o‘rmalab” ketib, o‘zini ham sarson qiladi, qolganlarning ham tinchini qochiradi...

Xullas, sayyor qabul boshlandi. Ilk anglaganim shu bo‘ldi-ki, men ko‘rgan nogironlarning aksariyati uni yetaklab kelgan o‘g‘li yo qizining muammosini aytishga kelgan ekan. “O‘g‘limga yer bering”, “Qizimga uy bering”, ...

Ayollarning esa 90 foizining dardi bitta: uy bering! Tavba, ularning arzini eshitib, yoqamni ushladim:

– Erim nogiron, sakkizta bolam bor, uy bering!” 

Astag‘firulloh, ering nogiron bo‘lsa, sakkizta tug‘diribdi-ku, nega uy qurishga yaramaydi?

- Erim ishyoqmas, dangasa, topgani yeyishimizga yetmaydi, uy bering!

Yolg‘onchi, yetaklab olgan to‘rt bolasi shu eridan bo‘lsa, uni dangasa deb bo‘ladimi?

- Erim Rossiyada, pul yubormayapti, uy bering!

E, Rossiyada ishlayotgan bolalar 2-3 qavatli uylarni qurib, “Kaptiva” minyapti, sening ering u yoqda topganini boshqalarga sarf qilib, kayfu-safo qilib yursa-yu, bu yoqda senga uyni hokim qurib bersinmi?

– Falon tumandan keldik, ijarama-ijara yurish jonimizga tegdi, uy bering!

E, kuchingdan! Qishloqlarning odamlari shaharga kelaversa, hokim ularga uy beraversa, hamma shaharga kelib oladi-ku? Podani kim boqadi?

Eng qizig‘i, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ularning har birining gapini bo‘lmay, toqat bilan oxirigacha eshitar, tegishli mutasaddi rahbardan surishtirar va yordamchilariga “Bu ayolni falon ro‘yxatga kiritinglar, arzon uylardan beramiz”, derdi.

Hokimga ham besh ketmadim. Uning o‘rnida men bo‘lganimda uy so‘rab turgan ayollarning erlarini topdirib kelib, ularning ketiga yaxshilab tepardim! “Padaringga la’nat, sakkizta tug‘dirishni bilib, uy qurishni bilmaysanmi”, deb. “Hali bu sakkizta bolang ham uy so‘rab keladi, ularga uyni qayerdan topaman”, deb kallasiga solardim. 

Do‘xtirlarga buyurib, uni boshqa tug‘dirolmaydigan qilib qo‘yardim. Erim ishyoqmas degan ayollarning erlarini topdirib kelib, majburan ishlatardim. Rossiyada yurgan xotinbozni chaqirtirib olib, dumiga xotini va bolalarini bog‘lab berardim.

Bitta gapni aytaman: men shu paytgacha nimaga erishgan bo‘lsam faqat va faqat o‘z mehnatim, peshona terim bilan erishdim. Bir vaqtda to‘rt joygacha ishladim. Maktabda dars berish bilan birga qishloq madaniyat uyiga direktorlik ham qildim. Haftada ikki kun borib, bolalar bog‘chasida bolalarga “Qo‘g‘irchog‘im Natasha”ni o‘rgatishga ham uyalmadim. Haftada bir kun shaharga kelib, bir tashkilotda bir kecha qorovullik qilishimni hatto uyimdagilar ham bilishmasdi. Shuncha ishning ustiga daladan yer olib, tamaki ham ekardik. Er-xotin eshakday ishlardik. Yana tomorqamizga ham ekin ekib, ularni sotib, daromad qilardik. Shuncha ishdan ortib, to‘ylarga chiqib, qo‘shiq ham aytardim. To‘ylarda kurash tushib ham pul topardim. Yana she’r, qo‘shiq, hikoyalar yozib, ularga ham qalam haqi olishimni ayting! Ana shu mashaqqatlarim evaziga qishloqda ham, shaharda ham uyim bo‘ldi, mashinam bo‘ldi, kiyim-kechagim, hatto qizil bo‘yinbog‘im ham bo‘ldi!

Ammo umrim davomida inson zotidan ikkita non so‘ramadim!

Bularni o‘zimni maqtash uchun aytmayapman, vaholanki, qirq yoshimgacha qilgan ishlarimni o‘ylasam, bugun vahimaga tushaman, shuncha ishga qanday vaqt topgan ekanman, deb. Nima uchun yozdim?

Bugun erkaklarda or qolmadi, nomus qolmadi, sharaf qolmadi! Hokimning qabuliga kelib, uy so‘rab, pul so‘rab, oziq-ovqat so‘rab turgan ayollarning erlari tashqarida poylab turishganini ham bilaman. Ayollari qabuldan chiqishlari bilan “Nima bo‘ldi, biron nima undirib chiqdingmi?” deyishlarini ham, javob ijobiy bo‘lsa, “Yashasin o‘zimning xotinim, seni shuning uchun yaxshi ko‘raman-da, keyingi safar boshqa narsa so‘raymiz”, deyishini ham yaxshi bilaman. O‘shalarga bitta savolim bor:

– Ey, nomard erkak, birovning qiziga baxt berolmasang, bir uy, bir dahliz qurib berolmasang, qornini to‘yg‘izolmasang, ustini but qilolmasang, qum yeysanmi uylanib?

O‘lay agar, men hokim bo‘lganimda ana shunaqa erkaklarning abjag‘ini chiqarib qo‘yardim...

Bir ayol to‘rt kishini yetaklab keldi. 

“Dejurni”, – qulog‘imga shivirladi do‘stim.

Birinchisi, ikkinchisi, xullas, hamma hamrohlarining dardini shu ayol aytdi. Hammasining muammosiga tegishli yechimlar ko‘rsatildi, mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi.

- Bular gapira olmaydilarmi, tillarini yutib yuborishganmi, nega hammasining dardini siz aytdingiz? – so‘radim haligi ayoldan.

- Birinchidan, bular mening odamlarim, – dedi ayol. – Ikkinchidan, bular aytsa, muammosi hal bo‘lmaydi, men aytsam, hal bo‘ladi. Hal bo‘lmaganiga qo‘ymayman ham, hokim janoblari buni yaxshi biladi.

- Haqiqatdan shunday, – deb izoh berdi do‘stim. – Bu ayol olib keladigan odamlarning birortasining muammosi yechilmasa, bu ayol shunaqa tomoshalarni ko‘rsatadi-ki, unga na ichki ishlar xodimlari bas kela oladi, na o‘t o‘chiruvchilar. Xudoga shukr, har qabulga kamida to‘rt kishini olib keladi. Ular bilan qanday kelishadi, O‘ziga ayon!

Yana bir ayol bor ekan, otini aytsam, men ham baloga qolaman. O‘zi shantajchiligi bilan butun Respublikaga tanilgan ekan. Oldingi hokimlar uni emas, u hokimlarni qabul qilar ekan. E.Turdimov ham uni sakkizta sayyor qabulda qabul qilib, erinmay so‘ragan narsasini beraveribdi, “Qani, qachon bo‘ldi, to‘ydim, der ekan”, deb. Do‘stimning aytishicha, bu ayol uy ham, joy ham, tikuv mashinasi ham, kir yuvish mashinasi ham, muzlatgich-u, sovutgich ham, hatto changyutgich ham olgan, hokim u so‘ragan narsalarni shu yerning o‘ziga keltirib, hammaning oldida unga topshirgan paytlari ham ko‘p bo‘lgan ekan. Sakkizinchi martasiga hokim unga kattakon bir televizor berib, mikrofondan “Bo‘ldi, opa, uyat ham kerak, sizga endi nima berishni ham bilmayman, bir insonga berish mumkin bo‘lgan hamma narsani berdim, hatto falon million so‘m naqd pul ham berdim, endi sizni qabul qilmayman”, debdi. Vo ajab! Haligi ayolda uyat bor ekan, 9-qabulga kelmabdi, men u bilan tanishish sharafiga muyassar bo‘lolmadim. Ammo o‘g‘illari, qizlari, kelinlari kelibdi...

Bir ayolning aktrisalik mahoratiga guvoh bo‘ldim. Arzini ayta turib, kamida yetti xil holatga tushdi. So‘rovchi, talab qiluvchi, baqiruvchi, yalinuvchi, ko‘z yosh to‘kuvchi, mazasi qochuvchi, ko‘zi tepaga ketuvchi...

- Audioyozuv ketyapti! – qulog‘imga shivirladi do‘stim.

Men u ayolning orqasidan ergashdim. Sal nariga borib, “seyfi”dan telefonini chiqarib, o‘chirdi va uni sumkachasiga solib, mamnun qiyofada uni kutib turgan kishining mashinasiga o‘tirdi-yu, uning beshiga beshni urdi:

O, key!

Viloyat hokimi oldingi qabulda topshiriq olgan, ammo bajara olmagan mutasaddi rahbarlarni qattiq urishdi, hatto arizangni yoz, dedi. Bu sayyor qabuldan ancha-muncha videotasvirlar olgan edim, ammo birgina ana shu lavha – hokim murojaatchilarni deb rahbarni qattiq urushgan lavhani e’tiboringizga havola qilaman.

Ochig‘i, 50 tacha murojaatchining arzi-dodini eshitgach, mening “zaryadim tugadi”. Asabim dosh bermadi. Miyam qizib ketdi. Bir xil shikoyatlarni eshitaverishdan charchadim. Men hech qachon bir kunda buncha odam bilan gaplashmagan edim. Do‘stimga uzrimni aytdim:

- O‘rtoq, yana 15-20 kishining dodini eshitsam, meni “tez yordam” olib ketadi, o‘zim keta qolay!

Kechqurun do‘stim hokim yana 15-20 emas, 230 kishini eshitgani, jami 300 ga yaqin odamning arzini tinglab, barchasining yechimini topgani, ko‘plarining muammosi shu yerning o‘zida hal bo‘lganini, hokim aqalli tushlik tanaffus ham qilmaganini aytganida lol bo‘lib qoldim: hokimning asabi temirdan ekan!

Oxirida bitta gapni aytaman: men hech qachon hokim bo‘lmayman!

Karimberdi To‘ramurod, O‘zA