Samarqand viloyat hokimining sayyor qabulida 280 dan ortiq fuqaroning murojaati o‘rganildi

Avval xabar berganimizdek, bugun 23 may kuni viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Samarqand tumanidagi viloyat salomatlikni tiklash shifoxonasi hududida ommaviy sayyor qabul o‘tkazdi. Qabul chog‘ida fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoyalash, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, adolatni qaror toptirishga alohida e’tibor qaratildi.

Ommaviy sayyor qabul jarayonida 280 nafardan ziyod fuqarolarimizning turli ijtimoiy, iqtisodiy va maishiy masalalarda qilingan murojaatlari diqqat bilan tinglanib, bu holatlarni masalaga daxldor rahbarlar ishtirokida chuqur tahlil qilgan holda bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Aksariyat murojaatlarda keltirilgan muammolar o‘z joyida hal etilib, murojaatchining talabi qondirildi. Ma’lum muddat taqozo etiladigan murojaatlar bo‘yicha tegishli mutasaddilarga topshiriqlar, murojaat egalariga esa huquqiy tushunchalar berildi.

Sayyor qabul munosabati bilan hududda mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Shuningdek, mobil davlat xizmatlarini ko‘rsatishga mo‘ljallangan ko‘chma mikroavtobusda aholiga tez va sifatli xizmat ko‘rsatish imkoni ham yaratildi.