Samarqand viloyat perinatal markazidagi kislorod zavodi Markaziy Osiyoda yagona
Mamlakatimiz rahbarining Germaniyaga tashrifidan so‘ng Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida 5 million yevrolik loyihani amalga oshirishi ko‘zda tutilmoqda. Tashkilotning O‘zbekistondagi loyihalari menejeri Evelina Toteva yaqinda Samarqandga tashrif buyurib, viloyatdagi tibbiy muassasalarda bo‘ldi.
Viloyat perinatal markazida 2017 yilda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati ko‘magida tibbiy kislorod ishlab chiqarish mini zavodi ishga tushirilgan. Ayni paytda mazkur mini zavod muassasaga oyiga 170 million so‘m foyda keltiradi. Ya’ni, mini zavodning oylik ish hajmi uchun 80 million so‘mga yaqin sarf-xarajat qilingan holda oyiga 250 million so‘mlik sifatli tibbiy kislorod ishlab chiqarilmoqda.
– Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti 2012 yildan buyon Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan tibbiyot yo‘nalishidagi yuqori texnologiyalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirib kelmoqda, – deydi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati loyihalarining sog‘liqni saqlash yo‘nalishi bo‘yicha milliy koordinatori Nigora Murodova. – Ushbu loyihalarda Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi faol ishtirok etmoqda. Jumladan, viloyat perinatal markaziga o‘rnatilgan kislorod ishlab chiqarish mini zavodi Markaziy Osiyodagi shifo maskanlari orasida yagona hisoblanadi. Bu ayni paytda markaz faoliyatida juda katta samara bermoqda.
Shuningdek, markazdagi kam invazivli, ya’ni laparoskopiya va gisteroskopiya yo‘nalishlarida vrachlar malakasini oshirish o‘quv markazi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Bu yerda uch bosqichda akusher-ginekologlar malakasini oshirib kelmoqda. Bunda nazariy va amaliy jarayonlar uchun maxsus xonalar, o‘quv operatsion zallar tashkil qilingan.
Mehmonlar markazda Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti tomonidan o‘tkazilayotgan "Bolalarda o‘pka kasalliklarining rentgen diagnostikasi" mavzusidagi seminar-treningda ham ishtirok etdi.
Alisher ISROILOV.