Samarqand viloyat Xalq qabulxonasi: 2018 yilda prokuratura faoliyati bilan bog‘liq murojaatlar ko‘paydi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatimizdagi xalq qabulxonalariga 2018 yilda jismoniy va yuridik shaxslardan 25 ming 214 ta murojaat kelgan. Bu 2017 yildagidan 26 foizga kam degani. Ya’ni, o‘sha yili murojaatlar soni 34 ming 152 tani tashkil etgan.
O‘tgan yili aholining xalq qabulxonalariga qilgan murojaatlarining 13 mingga yaqini qanoatlantirilgan, jumladan, 5292 tasi ijobiy yechim topgan, 7 mingga yaqini esa huquqiy maslahat berish orqali hal qilingan.
Prokuratura, xalq ta’limi sohalariga oid murojaatlar ko‘paygan bo‘lsa, boshqa barcha yo‘nalishlarda arizalar kamaygan.
Ushbu ma’lumotlar viloyat xalq qabulxonasida 2018 yil yakunlari va joriy yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda qayd etildi.
Mazkur tadbirda xalq qabulxonasi mas’ul xodimlari bilan birga, viloyat hokimligi, prokuratura, ichki ishlar boshqarmasi, “Mahalla” hayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi mas’ullari, bir qator korxona va tashkilot vakillari qatnashdi.
– Har bir murojaatning yechimi viloyatdagi tashkilotlar hamkorligiga bevosita bog‘liq, – deydi viloyat Xalq qabulxonasi mudiri Sh.Uzoqov. – Chunki, har bir masala qaysidir bir davlat organi yoki jamoat tashkilotiga tegishli. Odamlarning shaxsiy hayoti, oilasi bilan bog‘liq muammolarga ham jamoatchilik e’tibori zarur. Shuning uchun xalq qabulxonalariga bo‘layotgan murojaatlarni faqat shu organi ko‘rib chiqadi, deyish noto‘g‘ri bo‘ladi. Masala tegishliliga qarab mutasaddi idoralar hamkorligida hal etiladi. Xalq qabulxonalarida boshqaruv organlari rahbarlarining qabullari o‘tkazilishi boisi ham shunda. Birgina o‘tgan yil davomida Xalq qabulxonalarida jami 3 mingga yaqin qabullar o‘tkazilib, unda 18 mingdan ortiq aholi turli masalalarda muammolarini bildirgan. Ushbu muammolarning 48 foizga yaqini ijobiy hl etilgan. 52 foiz murojaatchilarga zarur tushuntirishlar berilgan.
Tadbirda Xalq qabulxonalari qoshida davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda “Do‘stlar va hamkorlar klubi” tashkil etilganligi ma’lum qilinib, bu aholining muammolarini o‘z faqtida bartaraf etish, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarning oldini olishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Viloyatdagi ommaviy axborot vositalarida murojaatlar va ular bilan bog‘liq masalalarni keng yoritishga kelishib olindi.
Bahriddin XONKELDIYEV.