Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari axborotidan deputatlarning ko‘ngli to‘lmadi

Avval xabar berganimizdek, bugun xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘n uchinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyada dastlab, viloyatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil etish, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari sun’iy o‘sishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Bu borada viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari F.Abilovning axborot tinglandi.

Qayd etilishicha, viloyatimizda doimiy yashovchi 3 million 911 ming kishinining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji hisob-kitob qilinib, yetishtirilgan ortiqcha mahsulotlarni qayta ishlab iste’mol bozoriga, shu jumladan eksportga chiqarish rejalashtirilgan.

Bu borada 2021 yil hosili uchun noyabr-dekabr oylarida fermer, dehqon xo‘jaligi va aholi tomorqalarida to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlarini o‘z vaqtida va sifatli ekilishi bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda. Shuningdek, chorvachilikni rivojlantirish borasida ham kelgusi yil uchun istiqbolli loyihalar ishlab chiqilgan.

Biroq muhokamalar davomida hokim o‘rinbosari sessiyaga zarur darajada tayyorgarlik ko‘rmaganligi qayd etildi.

- Siz aniq ma’lumot bering, qachon qaysi mahsulotning narxi qancha bo‘ladi? - dedi xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi E.Turdimov.

Sessiyada 2021 yil aprel oyida ushbu masalada viloyat hokimi o‘rinbosari hisobotini yana eshitishga qaror qilindi.