Samarqand viloyati hokimining QARORI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4555-sonli qarorining ijrosini ta’minlash haqida
Viloyatda byudjet intizomini yanada mustahkamlash, soliq byudjet tizimining shaffofligini oshirish, mahalliy davlat hokimiyati organlarining byudjet daromadlari prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishida manfaatdorligini kuchaytirish, shuningdek, “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida QAROR QILAMAN:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4555-sonli qarori ijro uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar, viloyat moliya bosh boshqarmasi, davlat soliq boshqarmasi hamda shahar va tumanlar hokimliklarining byudjet-moliya sohasidagi asosiy vazifasi etib belgilansin:
soliq solish ob’yektlari va soliq solinadigan bazani to‘liq qamrab olish, soliqlar yig‘ilishi darajasini oshirish, mavjud zaxiralarni safarbar etish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali tegishli byudjet daromadlari prognozining bajarilishini ta’minlash;
byudjet mablag‘laridan maqsadli va oqilona foydalanish hamda uni tejash, byudjet intizomini mustahkamlash, byudjet mablag‘laridan foydalanishning natijadorligi bo‘yicha hisobdorlik tizimini kuchaytirish;
birinchi navbatda moliyalashtiriladigan (ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, oziq-ovqat, dori-darmon va kommunal xizmatlar) xarajatlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish va kreditor qarzdorlikka yo‘l qo‘ymaslik;
ob’yektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalarni amalga oshirish uchun nazarda tutilgan mablag‘larni, birinchi navbatda, oldingi yillardan o‘tuvchi ob’yektlarni ishga tushirishga yo‘naltirish;
O‘zbekiston Respublikasi nomidan va O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida olinadigan tashqi qarz mablag‘larini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng dolzarb chora-tadbirlarini moliyalashtirishga yo‘naltirish hamda ulardan samarali foydalanish orqali natijadorlikni ta’minlash.
3. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari (J.O‘roqov), viloyat moliya bosh boshqarmasi (B.Mirzayev), Davlat soliq boshqarmasi (Sh.Ahmedov) byudjet daromadi prognoz ko‘rsatkichlarini ortiqcha to‘langan va undirilgan soliq summalari hisobiga bajarilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qat’iy ogohlantirilsin.
2020 yil 1 yanvardan boshlab ortiqcha undirilgan soliq summalarini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasiga teng bo‘lgan stavkada foizlar to‘lagan holda qaytarish qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda:
viloyat mahalliy byudjeti, shahar va tumanlar byudjetlariga o‘tkazilgan soliqlar bo‘yicha-tegishli mahalliy byudjetlari hisobidan;
byudjet tizimi byudjetlari o‘rtasida taqsimlangan soliqlar bo‘yicha – tegishli byudjetlar hisobidan ularga ajratmalar me’yoriga mutanosib ravishda amalga oshirilishi yuzasidan belgilangan tartibga qat’iy amal qilinishini ta’minlasinlar.
4. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari (J.O‘roqov), viloyat moliya bosh boshqarmasi (B.Mirzayev) shahar va tumanlar hokimlari 2020 yilda byudjet tizimi byudjetlari hisobidan xarajatlarni amalga oshirish va ishlarni bajarish quyidagi hollarda taqiqlanishi yuzasidan joriy etilgan byudjet intizomi qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan shaxsan mas’ul ekanliklari belgilansin:
moliyalashtirish manbasi aniq bo‘lmasa:
belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha hujjatlarisiz (ishchi loyiha, ish hujjatlari, loyiha-smeta hujjatlari) yoki loyiha hujjatlarini qurilish montaj ishlari bilan bir vaqtda tayyorlash, ya’ni parallel ravishda olib borish;
pudratchi (loyihachi) tashkilotlarni tender (konkurs) o‘tkazmasdan (“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlarida nazarda tutilgan bo‘lmasa) tanlab olish asosida.
5. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari (J.O‘roqov), davlat soliq boshqarmasi (Sh.Ahmedov), shahar va tumanlar hokimliklari:
mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatish va alkogol mahsulotlari, shu jumladan, pivo uchun aksiz solig‘i bo‘yicha viloyat byudjetiga ajratiladigan mablag‘lar har oyda (hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar, yil yakuni bo‘yicha oxirgi ish kuniga qadar) o‘tkazilishi;
daromadlar prognozining bajarilmagan qismi viloyat byudjetiga O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi, prognozning oshirib bajarilgan qismi O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti ixtiyoriga qoldirilishini inobatga olsinlar.
6. 2020 yil uchun Samarqand viloyat mahalliy byudjetining aylanma kassa mablag‘larining yo‘l qo‘yiladigan eng kam miqdori 36 279,0 million so‘m etib belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
7. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari (J.O‘roqov), viloyat moliya bosh boshqarmasi (B.Mirzayev), shahar va tumanlar hokimlarining:
davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda zarar yetkazilmasligini ta’minlash;
davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha hududiy jamg‘armalar mablag‘laridan foydalanish yuzasidan chiqariladigan qarorlarni majburiy tartibda xalq deputatlari viloyat Kengashi bilan kelishilishi hamda zararlarni qoplashda ularning davlat byudjeti va mahalliy byudjet mablag‘laridan samarali foydalanishi yuzasidan mas’ulligi belgilab qo‘yilsin.
8. Viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari-matbuot kotibi (M.Mirzayev) ushbu qarorni “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati hamda “Ovozi Samarqand” gazetalarida rasman e’lon qilinishini va viloyat hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilishini ta’minlasin.
9. Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov zimmasiga yuklatilsin.
Viloyat hokimi E.TURDIMOV
2020 yil 13 yanvar
№4-Q