Samarqand viloyati Kengashining 90-sessiyasi 21-sentyabrda o‘tkaziladi

Bu haqda viloyat hokimi E.Turdimov 2023-yil 14-sentyabrda qabul qilgan "Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi oltinchi chaqiriq, to‘qsoninchi sessiyasini chaqirish to‘g‘risida"gi qarorida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi to‘qsoninchi sessiyasi 2023-yil 21-sentyabr kuni chaqiriladi.

Sessiya kun tartibiga quyidagi masalalar kiritilgan:

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-43-sonli qarorining ijrosi yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i R.Mamatovning hisoboti haqida;

— viloyatda 2023-yil I yarim yilda norma ijodkorligi hamda huquqni qo‘llash amaliyoti holati yuzasidan viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i S.Nuriyevning axboroti haqida;

— viloyatda xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i T.Mahmudovning axboroti haqida;

— viloyatda aholini ichimlik suv bilan ta’minlash darajasini oshirish va oqova suv bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar to‘g‘risida “Samarqand suv ta’minoti” MChJ rahbari K.Yusupovning hisoboti to‘g‘risida;

— qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar uchun majburiy to‘lov, shuningdek, yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlarga maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lov tariflarini ma’qullash to‘g‘risida;

— viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risida;

— viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari F.Abilovning viloyat hokimining 2023-yil 23-avgustdagi “Viloyat mahalliy byudjetining 2023-yil II chorak daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismidan foydalanish to‘g‘risida”gi qarori bilan ajratilgan mablag‘larni ishlatilishi yuzasidan hisoboti to‘g‘risida;

— xalq deputatlari viloyat Kengashining 2023-yil 20-iyuldagi “Xalq deputatlari viloyat Kengashining 2023-yil II yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida;

— bo‘sh turgan davlat mulki ob’yektlarini “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish to‘g‘risidagi 2021-yil 8-oktyabrdagi qaroriga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida;

— jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini olib qo‘yish bo‘yicha taqdimot materiallarini ko‘rib chiqish va mulkdorlar bilan ochiq muhokama o‘tkazish to‘g‘risida.