Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i aholiga murojaat qildi
Ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali keyingi kunlarda mamlakatimizda karantin qoidalari bosqichma-bosqich yumshatilayotganligi haqida xabarlar tarqatmoqda. Darhaqiqat, olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida yurtimizda koronavirus infeksiyasidan sog‘ayish ko‘rsatkichi 81 foizdan oshdi. Shu bois joylarda qizil, sariq va yashil toifalarga ajratilgan holda ijtimoiy-iqtisodiy hayot faollashtirilib, aholining erkin harakatlanish imkoniyati yaratilmoqda.
Biroq yurtimizda hamon koronavirusni yuqtirganlar aniqlanmoqda. Jumladan, Samarqandda ham koronavirus infeksiyasini yuqtirayotgan fuqarolar qayd etilyapti. Bu esa karantin qoidalariga to‘liq rioya qilishimiz va hamisha hushyor bo‘lishimiz kerakligini anglatadi.
Hozir viloyatda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, bemorlarni samarali davolash hamda karantindagi fuqarolarni tibbiy kuzatuvga olishni yanada samarali yo‘lga qo‘yish borasida viloyat hokimligi, sog‘liqni saqlash, Milliy gvardiya, mudofaa va ichki ishlar boshqarmalari xodimlari bilan hamkorlikda izchil faoliyat olib borilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, mutasaddilar tomonidan olib borilayotgan sa’y-harakatlar bilan bir qatorda, aholining ham karantin qoidalariga rioya qilishi, to‘g‘ri xulosa chiqarishlari talab etiladi.
Barchamiz muborak Ramazon hayiti bayrami arafasidamiz. Ushbu muqaddas kunda guruh-guruh bo‘lib, xonadonma-xonadon yurishlarni cheklash, turli marosimlarni o‘tkazmaslik kasallikka chalinish hamda oila a’zolari va yaqinlaringizga yuqtirish ehtimolining oldini olishda eng muhim sanaladi. Karantin qoidalariga rioya etmaslik esa jiddiy oqibatlarga sabab bo‘lishi muminligini unutmaylik.
Aziz samarqandliklar!
Yuqoridagilarni inobatga olib, Siz azizlarni yana bir bor uyda qolib, karantin qoidalariga rioya qilishga, jumladan, ijtimoiy masofani saqlash, jamoat joylarida to‘planmaslik, qo‘llaringizni tez-tez sovunlab yuvish, qo‘lni ko‘ksimizga qo‘yib salomlashish, tibbiy niqob taqishda davom etish kabi qoidalarga qat’iy amalga qilishingizni so‘raymiz.
Koronavirus yuqtirib olishning ehtimoliy xavfidan o‘zingizni va yaqinlaringizni ehtiyot qiling!