Samarqand viloyatida ayollarning mavqei qanday? Tumanlarda holat qanaqa?
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlaridagi asosiy 17 yo‘nalishdan biri - beshinchisi gender tenglikni ta’minlash hisoblanadi.
Xo‘sh, bu borada Samarqand viloyatida vaziyat qanday?
Viloyat respublikadagi aholisi soni jihatidan birinchi raqamli hudud. Chunki, joriy yil 1 yanvar holatiga doimiy aholi soni 3 million 878 ming kishini tashkil etib, yil boshidan 79,1 ming kishiga yoki 1,2 foizga o‘sdi.
Tahlillarga ko‘ra, viloyat aholisi tarkibida erkaklar soni ayollarga nisbatan ko‘p. Ammo 35-39 yosh guruhidan 85 yosh va undan kattalar bo‘yicha ayollar soni erkaklarga nisbatan ko‘proq.
Samarqand viloyat aholisining yosh-jins tarkibi piramidasi (2019 yil holatiga)
Bugungi kunda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida ko‘pgina ayollar davlat va mahalliy ahamiyatdagi boshqaruvda, xususan, rahbar lavozimlarida faoliyat yuritmoqda. Xususan, viloyatda joriy yilning 1 yanvar holatiga 4 ming 285 nafar ayollar tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.
Tadbirkor sifatida faoliyat yuritayotgan ayollar soni bo‘yicha Samarqand tumani peshqadam (850 nafar), keyingi o‘rinlarda Urgut tumani (699 nafar), Ishtixon tumani (617 nafar), Kattaqo‘rg‘on shahri (504 nafar), Payariq tumani (362 nafar) va Past Darg‘om (324 nafar) tumanlari turibdi.
Oliy Majlis deputatlari, shuningdek, mahalliy Kengashlar deputatlari orasida ham ayollarning salmog‘i sezilarli ravishda ko‘paygan. Jumladan, o‘tgan yilgi saylovlar natijalariga ko‘ra, viloyat Kengashiga saylangan 60 nafar deputatning 36,7 foizi yoki 22 nafarini opa-singillarimizdir.
Mahalliy Kengashlarda esa xotin-qizlar 40 foizgacha o‘rin egallagan.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash tizimidagi rahbar ayollar soni bo‘yicha Past Darg‘om tumani (12 nafar) va Samarqand shahri (11 nafar) yetakchilik qiladi. Bulung‘ur, Qo‘shrabot va Paxtachi tumanlari 1 nafar ko‘rsatkich bilan oxirgi o‘rinlarda joylashgan.
Respublikamizning barcha hududlarida maktabgacha va xalq ta’limi tizimida ayollarning o‘rni va soni yuqori darajada ekanligi ma’lum. Samarqand viloyatidagi maktabgacha ta’lim tizimida (boshqarma, bo‘lim, MTT) rahbarlik qilayotgan opa-singillarimiz soni bo‘yicha Urgut, Tayloq, Oqdaryo tumanlari va Samarqand shahrida ko‘rsatkichlar nisbatan yuqori. Xalq ta’limi tizimida esa Past Darg‘om tumani va Samarqand shahrida xotin-qiz rahbarlar (XTB mudiri, maktab direktori) boshqa hududlarga nisbatan ko‘proq.
Quyidagi rasmda sohalar bo‘yicha viloyatdagi rahbar ayollar to‘g‘risida ma’lumotlar aks ettirilgan.
«Yuksalish» umummilliy
harakati viloyat bo‘limi.