Samarqand viloyatida tahsil olayotgan oliy ta’lim muassasasi bitiruvchilari qayerda ishlaydi?
2018-2019 o‘quv yilida viloyatimizda 27 mingdan ziyod talaba oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda. Ularning 6443 nafarini bitiruvchilar tashkil etadi.
Xo‘sh, hademay oliy ma’lumotli mutaxassisga aylanadigan bitiruvchilar qayerda ilk mehnat faoliyatini boshlaydi? Xuddi shu savol bilan mavjud oliy ta’lim muassasalari rahbarlariga murojaat qildik, deb yozmoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.
Samarqand davlat chet tillar instituti rahbariyati tomonidan ma’lum qilinishicha, joriy o‘quv yilida institutni 667 nafar talaba bitiradi. Ularni ish bilan ta’minlash maqsadida ins¬titut rahbariyati korxona va tashkilotlar, ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlik o‘rnatgan. O‘quv yili davomida ish beruvchilar va bitiruvchilar ishtirokida turli uchrashuvlar, mehnat yarmarkalari o‘tkazilgan.
Natijada bugungi kungacha chet tili mutaxassisiga ehtiyoji bo‘lgan 124 ta maktab va 96 ta maktabgacha ta’lim muassasalaridan murojaatlar bo‘lgan. Shundan kelib chiqib, bakalavr ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bitiruvchilarning 352 nafari ish beruvchi tashkilotlar bilan uch tomonlama shartnoma tuzishgan. Bitiruvchilarning qolgan qismi yuzasidan viloyat xalq ta’lim boshqarmasi, viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi kabi muassasalar bilan muzokaralar olib borilib, ishga yuborilganlik to‘g‘risida yo‘llanma, uch tomonlama shartnoma tuzish ishlari davom etmoqda. Ahamiyatli tomoni shundaki, mazkur muassasa rahbariyati ish o‘rni aniq bo‘lmagan bitiruvchilar bilan so‘rovnoma o‘tkazib, ularni ta’lim, turizm sohalarida o‘z bizneslarini tashkil etishlariga ko‘maklashish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqqan.
Samarqand davlat universitetini joriy o‘quv yilida 2174 nafar talaba bitiradi. Ularni ish bilan ta’minlash rejalari deyarli yakuniga yetkazilgan. Universitet rahbariyati ma’lumotiga ko‘ra, bitiruvchilar, asosan, oliy ta’lim tizimi, xalq ta’limi, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’lim muassasalari, sanoat, ishlab chiqarish, qishloq, suv va o‘rmon xo‘jaliklari, qurilish va boshqa qator tashkilotlar bilan shartnoma imzolashgan.
Samarqand davlat tibbiyot institutini 694 nafar bo‘lg‘usi shifokor bitirishi kutilmoqda. Taqdim etilgan ma’lumotlarda ularning bandligini ta’minlash masalasida institut ma’muriyati viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, tibbiyot birlashmalari va sohaga oid boshqa tashkilotlar, muassasalar bilan tegishli shartnomalar tuzilganligi ma’lum qilingan.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU Samarqand filialida muassasaning 300 nafardan ziyod bitiruvchilarining bandligini ta’minlash bilan shug‘ullanuvchi maxsus komissiya tashkil etilgan. Komissiya shu kungacha bitiruvchilarni aloqa sohasining o‘ttizga yaqin korxonalari, shuningdek, turli tashkilot va muassasalarda ish faoliyatini boshlashlari bilan bog‘liq shartnomalarni imzolashga erishgan.
Ayni paytgacha bitiruvchilar bandligi bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarining 50 nafar talabasi bilan og‘zaki so‘rovnoma o‘tkazdik. Ularning 21 nafari aniq maqsad va rejalarga egaligini bilib, quvondik. Biroq 29 nafar bitiruvchilar qayerda ishlashi haqida o‘ylab ham ko‘rishmagani bizni taajjublantirdi. Qiziq, ularga faqat diplom kerakmi?
Tez kunlarda Samar¬qand davlat arxitektura va qurilish instituti, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti hamda Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rahbariyati tomonidan ushbu masala yuzasidan oliygohlarda amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashamiz, deyiladi xabarda.