Samarqand viloyatidagi sanoat korxonalari birinchi chorakda necha so‘mlik mahsulot ishlab chiqargani ma’lum bo‘ldi

2019 yilning yanvar-mart oylarida Samarqand viloyatidagi sanoat korxonalari tomonidan 3088,5 mlrd. so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ishlab chiqarish indeksi 117 foizni tashkil etdi.

Bu haqda Samarqand viloyati statistika boshqarmasi xabar bermoqda.

Tayyor mahsulot turini ko‘paytirish va ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida iste’mol tovarlar ishlab chiqarish hajmi 1582,1 mlrd. so‘mni tashkil etdi va 2,1 foiz o‘sish ta’minlandi.

Hisobot davrida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan 1350,8 mlrd. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi. Mazkur korxonalarning umumiy ishlab chiqarishdagi ulushi 43,7 foizni tashkil etdi.

Viloyatda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish eng ko‘p Samarqand shahri (43,4 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, Jomboy 20,4 foiz, Samarqand tumani 6,3, Urgut 5,9, Bulung‘ur 3,7, Toyloq tumani 3,5 foiz ulush qo‘shdi.

Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning taqsimlanish tahlili Jomboy tumanida 3750,9 ming so‘m, Samarqand shahrida 2483,9 ming so‘m, Samarqand tumanida 793,3 ming so‘m va Bulung‘ur tumanida 623,0 ming so‘mni tashkil etdi.

Hisobot davrida kichik tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan 1331,6 mlrd. so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi va ularning umumiy ishlab chiqarishdagi ulushi 43 foiz bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda Samarqand viloyatida 5314 ta sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 1480 tasi (mavjud sanoat korxonalarining 27,9 foizi) Samarqand shahrida, 761 tasi (14,3 foizi) Urgut tumani va 493 tasi (9,3 foiz) Samarqand tumaniga to‘g‘ri kelmoqda.