Samarqandda 11,5 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyadan foydalaniladi

Samarqand viloyati dehqonlari 2020 yil manzilli dasturiga asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda 11588 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni rejalashtirgan.

Bunda 2200 gektar paxta, 1616 gektar bog‘, 642 gektar tok va 60 gektar maydondagi boshqa ekinlar tomchilatib, 40 gektar g‘alla, 130 gektar ozuqabop ekinlar yomg‘irlatib, 100 gektar maydonda pulsar sug‘orish texnologiyasi qo‘llaniladi. Shuningdek, 340 jamlanma egiluvchan quvurlardan 6800 gektar maydonda foydalaniladi.

Buning uchun havza boshqarmasi hisobidagi 200 kilometrga yaqin magistral va xo‘jaliklararo kanallar tozalandi, 500 dan ortiq gidrotexnik inshootlar ta’mirlandi. Suv iste’molchilari uyushmalari fermer xo‘jaliklari hisobidagi 820 kilometr ichki sug‘orish tarmoqlari tozalandi. Xo‘jalik ichki hisobidagi 800 ga yaqin gidrotexnik inshootlar, 180 ga yaqin nasos agregati, 115 dona sug‘orish qudug‘i ta’mirlandi.