Samarqandda 12 nafar ayolning pasportini olib qo‘yib, fohishalikka majbur qilgan qo‘shmachi qamoqqa olindi

2018 yilning avgust oyidan joriy yilning oktyabr oyiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida 44 yoshli O.K., Samarqand shahrida joylashgan uylarning birida K.U., R.E., A.A., K.A., M.F., L.M., M.Sh., G.M., M.R., H.S., D.R. va Z.B. larga ijaraga boshpana berishni va’da qilib, ularni fuqarolik pasportlarini g‘ayriqonuniy ravishda egallab, o‘ziga qaram qilib, tungi vaqtda Samarqand shahar Rudakiy ko‘chasi va boshqa joylarda fohishalik bilan shug‘ullanishlariga majburlab, ularga zo‘rlik ishlatib, har biridan kunlik 200.000 so‘mdan 500.000 so‘mgacha pullarni topish maqsadida foydalanib, ushbu yo‘l bilan topilgan pullarni o‘zida saqlab, shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflagan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan O.K.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi “b” bandi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, o‘tkazilgan tintuv-tergov harakati davomida yuqoridagi shaxslarning fuqarolik pasportlari tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Hozirda O.K. jinoyat ishi doirasida Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi “b, i” bandlari bilan ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi tanlangan.
IIV huzuridagi tergov departamenti xabariga ko‘ra, jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.