Fohishalik bilan shug‘ullanuvchi guruhni internetda reklama qiluvchi shaxs qo‘lga olindi
U qizlarni instagram, telegram, tik-tok va bir qator ommalashgan saytlar orqali reklama qilib, buning evaziga 500 AQSh dollargacha haq olgan.
Avvalroq, «Toshkentda olti yildan buyon fohishalik bilan shug‘ullanuvchi uyushgan guruh a’zolari qo‘lga olingan»i hamda tergov harakatlari olib borilayotgani haqida xabar berilgandi.
Toshkent viloyati IIBB odam savdosiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan ushbu jinoiy guruhning yana bir faol a’zosi kecha, 18 noyabr kuni qo‘lga olingan.
Tezkor xodimlar tomonidan olib borilgan surishtiruvlar davomida, o‘zini «Roma» deb tanishtiruvchi ushbu shaxs – 1988 yilda tug‘ilgan Yashnobod tumanida yashovchi T.M. ekanligi, fohishaxona saqlash, qo‘shmachilik qilish va odam savdosi kabi jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi guruhning faol a’zosiligi aniqlangan.
Shuningdek, surushtiruv davomida u moddiy (har bir e’lon uchun 50 dan 500 AQSh dollarigacha) daromad evaziga, jinsiy xizmat ko‘rsatuvchi fohishalarning massaj va intim xizmati e’lonlarini, bir qator yoshlar orasida ommalashgan saytlar (“uzpopka.com”, “chpok.uz” hamda “Massajistki Tashkenta”), shuningdek, telegram, instagram, tik-tok va ijtimoiy tarmoqlarga muntazam ravishda joylab kelganligi aniqlangan va uning yashash xonadoni tintuvdan o‘tkazilgan.
Tituv davomida:
29 014 AQSh dollari;
880.000 so‘m pul;
10 dona plastik kartochkalar;
2 dona chegirma plastik kartochkalari;
4 dona xorijiy davlatlarning ishlatilmagan va 2 dona ishlatilgan SIM-kartalar;
2 dona elektron xotira (flesh karta);
3 dona “Redmi” rusumli telefon apparati;
1 dona “HP” noutbuk va boshqa noqonuniy buyumlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, hozirda mazkur holat yuzasidan viloyat IIBB terrorizm va diniy ekstrimizmga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.