Samarqandda 12975 nafar shaxs ko‘chmas mulkni ijaraga berishdan olgan daromadi bo‘yicha deklaratsiya topshirgan

Ko‘chmas mulkni ijaraga berish orqali daromad topayotgan yurtdoshlarimiz talaygina. Ko‘chmas mulkni ijaraga berish tartibi, ijara qiymatini belgilash, olgan daromadi bo‘yicha dastlabki deklaratsiya topshirish va shu mavzuga daxldor boshqa savollar aksariyat fuqarolarni qiziqtirishi tabiiy. Xo‘sh, aslida ko‘chmas mulkni ijaraga berish jarayoni qanday tartib-tamoyillar asosida amalga oshiriladi?

Prezidentimizning 2018 yil 25 maydagi “Nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida notariat tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2019 yil 1 yanvardan boshlab ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibini o‘rnatish orqali ko‘chmas mulkni ijaraga berish va tekin foydalanish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash bo‘yicha talab bekor qilindi.

Shunga asosan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan “Ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risida”gi nizom qabul qilindi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2018 yil 11 oktyabrda 3077-son bilan ro‘yxatga olindi. Mazkur nizomga ko‘ra, ko‘chmas mulkini ijaraga bermoqchi bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar o‘ziga tegishli bo‘lgan turar yoki noturar mulkini ijaraga berishda ikki tomonlama ijara shartnoma tuzishi hamda shartnomani 10 kun ichida soliq organlarida hisobga qo‘yishi shart.

Ta’kidlash joizki, ijara shartnomasini soliq organlarida hisobga qo‘yishni ikki usulda — O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining my.soliq.uz saytidagi “Ijara shartnomalarini hisobga olish” xizmati orqali yoxud jismoniy shaxsning doimiy yashash, yuridik shaxsning ro‘yxatdan o‘tgan joyidagi davlat soliq inspeksiyasiga borgan holda, belgilangan shakldagi so‘rovnomani taqdim etish orqali amalga oshirish mumkin. Darvoqe, my.soliq.uz saytidagi “Ijara shartnomalarini hisobga olish” xizmatidan foydalanish uchun elektron raqamli imzo kerak bo‘ladi.

Mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun ijara qiymatining eng kam miqdorlari xususida ma’lumotga egamisiz? Demak, turar joylar 1 kvadrat metrining bir oylik eng kam qiymati Toshkent shahri uchun 10 ming so‘m, Nukus shahri va viloyatlar markazlari uchun 6500 so‘m va boshqa aholi punktlariga 3000 so‘m etib belgilangan. Noturar joylar 1 kvadrat metrining bir oylik eng kam qiymati mos ravishda 20 000 so‘m, 13 000 so‘m va 6000 so‘m etib belgilangan.

Masalan, Samarqand shahrida 100 kvadrat metr turar joy ijarasining bir oylik eng kam miqdori 650000 so‘m (6500 x 100) etib belgilanishi shart.

Bugungi kungacha Samarqand viloyatida 12975 nafar kishi ko‘chmas mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar bo‘yicha dastlabki deklaratsiyani topshirgan. Lekin bu boradagi majburiyatiga sovuqqonlik bilan yondashayotganlarni ham shu o‘rinda qayd etish joiz. Holbuki, 111 nafar fuqaro hamon dastlabki deklaratsiyalarni topshirmagan.

Shu o‘rinda o‘z ko‘chmas mulkini ijaraga berib, daromad olayotgan yurtdoshlarimiz soliq bo‘yicha majburiyatlarni unutmasliklari lozimligini ta’kidlaymiz.

Umid ALIMOV,

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati xodimi.