Samarqandda 1300 dollarga “opiy” sotayotgan ayol qo‘lga olindi

Joriy yilning 13 noyabr kuni soat 21:30da  Samarqand shahar Amir Temur va Buyuk ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasida joylashgan “Lion Motors” avtosavdo majmuasi yonida Samarqand viloyati IIB JQB hamda Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB JQB tezkor xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, xaridor sifatida jalb qilingan “O‘tkir” ismli shaxsga 33 yoshli M.M. ismli ayoldan vazni taxminan 137 gramm bo‘lgan “opiy” giyohvandlik vositasiga o‘xshash moddani 1300 AQSh dollari evaziga sotayotgan vaqtida ushlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.

Tezkor tadbir davomida fuqaro M.M.ning yoni ko‘zdan kechirilganda, tadbirda ishlatilgan 1.300 AQSh dollari va 2 dona polietilen paketga o‘ralgan “opiy” giyohvandlik vositasiga o‘xshash modda daliliy ashyo sifatida olindi. Shundan so‘ng fuqaro M.M. o‘zining ixtiyori bilan boshqa noqonuniy vositalar yashash xonadonida va o‘zining yonida bo‘lsa, topshirilishi so‘ralganda, u o‘zining vaqtinchalik yashash xonadonida joylashgan oq polietilen sellofanga o‘ralgan og‘irligi taxminan 101 gramm va bir dona elektron tarozi, jami 238 gramm “opiy” giyohvandlik vositasi xolislar ishtirokida olinib, hujjatlashtirib olingan.

Samarqand  viloyati IIB EKBning 14 noyabrdagi ma’lumotnomasiga ko‘ra, tadbir vaqtida hujjatlashtirib olingan jigar rangli, yopishqoqsimon 238 gramm giyohvand moddasi “opiy” giyohvand moddasi turiga kirishligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda olingan daliliy ashyoni manbasini aniqlash bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Bu haqda IIV JQBB giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish boshqarmasi xabar berdi.