Samarqandda 2018 yilda itlarning xuruji oqibatida 4 mingdan ortiq fuqaro turli darajadagi jarohat olgan
Viloyatimizda quturish kasalligiga qarshi kurashish, aholi yashash joylarida it, mushuk va boshqa hayvonlarni saqlash qoidalariga amal qilinishi bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga qaramay aholi punktlarida daydi, nazoratsiz itlarning odamlar va hayvonlarga hujum qilish va shikast yetkazish hollari uchrayapti. O‘tgan yili itlarning xuruji oqibatida 4 mingdan ortiq fuqaro turli darajadagi jarohatlar bilan antirabik tibbiy yordamga murojaat qilgan. Joriy yilning 25 yanvaridan 25 fevraliga qadar viloyatimizda ham "Hayvonlarning quturish kasalligiga qarshi kurash oyligi" o‘tkazilmoqda.
Boshqarmaning shahar va tuman bo‘limlari tomonidan oylik doirasida quturish kasalligiga qarshi kurash samaradorligini oshirish, aholi xonadonlarida it, mushuk va boshqa uy hayvonlarini ro‘yxat va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish, quturish kasalligiga qarshi emlash, guvohnoma berish kabi tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, joylardagi obodonlashtirish bo‘limlari xizmatchilari tomonidan daydi, qarovsiz jonivorlarni tutish, yo‘q qilish bo‘yicha ishlar bajarilmoqda.
Bugungi kungacha viloyatda mavjud 434 ta veterinariya shoxobchalarida faoliyat olib borayotgan veterinar mutaxassislar tomonidan ro‘yxatga olingan 298 mingdan ziyod it va mushukning 90 mingga yaqini xavfli kasallikka qarshi emlandi. Barcha shoxobchalarga keraklicha emlash vaksinalari yetkazib berilgan. Mutaxassislarimiz fuqarolarni it va mushuklar saqlash tartib-qoidalari bilan tanishtirish barobarida xavfli kasallik to‘g‘risida ogohlantirish varaqalari tarqatmoqda. Shuningdek, hududlardagi korxona va tashkilotlar, ta’lim muassasalarida quturish kasalligi va uning oqibatlari haqida targ‘ibot ishlarini olib bormoqda.
Quturish kasalligi xavfli virusli xastaliklardan biri bo‘lib, asab tizimini og‘ir jarohatlaydi. Sut emizuvchi hayvonlar kabi insonlar ham kasallanishi mumkin. Uning virusi tashqi muhitga o‘ta chidamli bo‘lib asosan bosh va orqa miya hujayralarida va so‘lakda bo‘ladi.
Zamonaviy tibbiyot rivojlanganiga qaramasdan, hanuz quturishga qarshi davo topilgani yo‘q. Ammo, kasallikning oldini olish mumkin.
Elmurod TOSHMURODOV,
viloyat veterinariya boshqarmasi boshlig‘i.