Samarqandda 246 nafar mansabdor korrupsiya jinoyati uchun javobgarlikka tortilgan
Bunday jinoyatlar oqibatida yetkazilgan moddiy zarar miqdori 25,3 milliard so‘mdan oshadi.
Mazkur jinoyatlar sohalar bo‘yicha tahlil qilinganda, jinoyatlarning 19 tasi bank, 17 tasi oliy ta’lim, 15 tasi xalq ta’limi, 33 tasi sog‘liqni saqlash, 20 tasi maktabgacha ta’lim, 4 tasi soliq, 21 tasi ichki ishlar, 8 tasi byuro, 3 tasi sud sohasi hamda 58 tasi boshqa korxona, tashkilot xodimlari tomonidan sodir etilgan.
Bu haqda viloyat prokurori R.Masharipov xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘n sakkizinchi sessiyasida bergan hisobotida aytib o‘tdi.
Qayd etilishicha, viloyat bo‘yicha 26 milliard so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlanib, bu qilmishlar uchun 246 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan hamda 2 ming 249 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy ishlar qo‘zg‘atilgan.
Tashvishlisi, byudjet va byudjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalar nazoratiga mas’ul bo‘lgan tizimning o‘zida ham byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinmoqda.
Misol uchun, Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Toyloq tumani bo‘limi mansabdor shaxslari noqonuniy ravishda 10 ta holatda 111 million so‘mlik pensiya mablag‘larini o‘zida bo‘lgan plastik kartasiga o‘tkazib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
So‘nggi ikki yilda viloyatdagi banklarning 33 nafar mansabdor shaxslari korrupsiya va mansabdorlik jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan.
Masalan, viloyat Milliy bankda ishlagan Boboqulova bank omonatchilarning hisob raqamidan 90 ta holatda 7,7 milliard so‘m, 607 ming AQSh dollari va 1 461 yevro, ya’ni juda ko‘p miqdordagi omonat pul mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
“Agrobank” Chelak filiali xodimi Axrorov kredit ajratishni so‘rab bankka murojaat qilmagan fuqarolar nomiga 30 million so‘m miqdorda mikroqarz krediti ajratib, plastik kartochkasiga tushirib o‘zlashtirib yuborgan.
Aholining iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash uchun turli ijtimoiy loyihalarga byudjet mablag‘lari bank orqali ajratilmoqda. Lekin bunday mablag‘lar haqiqiy egalariga yetib bormasdan, ayrim bank mansabdor shaxslarining “o‘lja”siga aylanmoqda.
Masalan, “Ipoteka bank”ning Ko‘ksaroy filiali “Juma” mini-banki mudiri Choriyev bankning boshqa mansabdor shaxslari bilan jinoiy til biriktirib, Davlat dasturi asosida baliqchilik va aholi tadbirkorligi uchun ajratilgan 6 milliard 995 million so‘m kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan.