Samarqandda 25 yoshli kaltaklangan ayol bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi

Shu yil 22 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Bir ayolni kaltaklashar ekan. Yetim uyida cho‘ri bu kelin. Yaqinda qo‘lini urib sindiribdi eri. Hammadan qolgan ovqatni yeb, xo‘rlanib o‘tiribdi. Uydan chiqarishmas ekan. IIV, Bosh prokuratura, Inson huquqlari bu ayolni topib yordam berishingizni so‘raymiz” nomli video tarqaldi.

Ushbu holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB xodimlari tomonidan zudlik bilan surishtiruv harakatlari olib borilib, tasvirdagi voqea ishtirokchilarining shaxsi aniqlandi.

Jabrlanuvchi ayol Samarqand shahar Termiz ko‘chasida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan M. ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Aniqlanishicha, M. turmush o‘rtog‘i 1985 yilda tug‘ilgan Sh. bilan 2012 yilda shar’iy nikohdan, 2015 yilda FXDYo bo‘limidan qonuniy nikohdan o‘tib yashab kelgan. O‘rtalaridagi oilaviy kelishmovchiliklari sababli M., Sh. tomonidan kaltaklanib, qiynoqqa solinib kelingan.

2020 yilning 20 avgust kuni M. ning turmush o‘rtog‘i sababsiz, turli bahonalar bilan yashayotgan uyida uni ayovsiz urib, oyoqlari bilan turli joylariga tepib, tan jarohati yetkazgan.

Hozirda M. va uning ikki nafar farzandi Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB tomonidan himoyaga olinib, IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlari tomonidan "Himoya orderi" berilib, malakali psixologlarni jalb qilgan holda farzandlari va o‘ziga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, ayolni kaltaklagan Sh. ga nisbatan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.