Samarqandda 4034 nafar fuqaro ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan ishchi kasblarga o‘qitishga yuborilgan
Samarqand viloyatida 2020 yilda ishsiz fuqarolarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Dasturi bo‘yicha 4034 nafar fuqaro ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan ishchi kasblarga o‘qitishga yuborilgan. Bu haqda xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining o‘n sakkizinchi sessiyasida viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i I.Jabborov ma’lum qildi.
Shundan 2306 nafari ayollar, 2413 nafar yoshlar hisoblanadi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi o‘quv markazlari va maskanlardan tashqari boshqa davlat va nodavlat ta’lim muassasalari, “Hunarmand” uyushmalari bilan hamkorlikda tikuvchilik, kompyuter savodxonligi, avtomobillarni ta’mirlash, payvandlash, oshpazlik, elektromontaj, santexnik, sartaroshlik, qurilish va boshqa yo‘nalishlarda ishsiz fuqarolar kasb-hunarga o‘qitilmoqda.
Yil yakuniga qadar yana 827 nafar ishsiz fuqarolar kasbga o‘qitiladi.
Ishsiz fuqaro kasbga o‘qish uchun qayerga murojaat qilishi kerak?
- Ishsiz fuqaro hududiy bandlik bo‘limiga ish so‘rab murojat qiladi.
- Bandlik bo‘limi fuqaroga ma’lumoti va kasbi bo‘yicha ish taklif qiladi va unga maqbul keladigan ish topilmagandan keyin ishsiz, deb e’tirof etadi.
- Bandlik bo‘limi uch tomonlama tuzilgan (ish beruvchi, ta’lim muassasasi va o‘quvchi o‘rtasida) shartnomaga asosan ishsiz fuqaroni kasbga o‘qitishga yo‘llanma beradi.
- O‘quv muassasasi tomonidan ishsiz shaxslarga o‘qishga qabul qilinganligi to‘g‘risida buyruq chiqaradi.
- O‘qish davri kasbi yo‘nalishi bo‘yicha o‘qitish davomiyligiga qarab 6 oydan oshmasligi shart.
- O‘qish davrida ishsiz fuqaroga har oy bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida stipendiya to‘lab boriladi.
- O‘qishni tugatgan shaxsga sertifikat beriladi va ishga joylashtirishga ko‘maklashiladi.