Samarqandda 6,5 milliard so‘mdan ziyod aliment qarzdorliklari undirilgan

Majburiy ijro Byurosi tomonidan joriy yilning o‘tgan davri davomida aliment undiruvi bilan bog‘liq olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdorlardan jami 6 milliard 717 million so‘m aliment qarzdorliklari undirilishi ta’minlangan.

Xususan, MIB Samarqand tumani bo‘limi tomonidan yuritilgan ijro hujjati bo‘yicha qarzdor B.Jalilovdan undiruvchi L.Ziyayevaning foydasiga 42,9 million so‘m aliment pullari undirilgan.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 noyabrdagi

808-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga ko‘ra, 11 ta ijro hujjati bo‘yicha qarzdorlardan 434,5 million so‘m aliment pullari oldindan to‘lab berilgan.

Shuningdek, aliment ishi bo‘yicha qarzdor va undiruvchilar bilan suhbatlar o‘tkazilib, 384 ta oilalar yarashtirilib, ijro ishlari tamomlangan.

Aliment to‘lovchilarning mas’uliyatini oshirish maqsadida

149 nafar qarzdorlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47(4)-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning barchasiga ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan va ma’muriy javobgarlikka tortilgandan so‘ng ham aliment pullarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan 7 nafar qarzdorlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 122-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jazo muqarrarligi ta’minlangan.

Hozirda aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro hujjatlari ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida joylarda ijro tadbirlari davom ettirilmoqda.

Navruz O‘RAZALIYeV,

Samarqand viloyati prokuraturasi bo‘lim katta prokurori.