Samarqandda 78 ta madaniyat markazlari bor. Bu kammi yo ko‘p?
Bir paytlar viloyatda 354 ta madaniyat markazi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugun ularning soni atigi 78 ta. Madaniyat markazlarini tumanlar bo‘yicha taqqoslaydigan bo‘lsak, har bir tumanga bor-yo‘g‘i 4-5 tadan to‘g‘ri keladi. Tabiiyki, bu aholini madaniyat markazlariga to‘la qamrab ololmaydi.
Bu haqda viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
- Madaniyat markazlarimiz kam bo‘lsa-da, viloyatdagi mavjud mingdan ortiq mahallalarda konsert berib, aholining madaniy hordiq olishini ta’minlashga harakat qilyapmiz, - dedi viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Xo‘jaqul Muhammadiyev. – Shuningdek, davlat tadbirlarini jonli ijroda o‘tkazyapmiz.
Bugun viloyatda yosh avlodning madaniy saviyasini oshirish borasida ham birmuncha ishlar bajarilmoqda. Masalan, viloyat hokimligi tomonidan madaniy markazlar uchun milliy cholg‘u-asboblari sotib olishga 680 million so‘m ajratilgan.
Bundan tashqari, yoshlar o‘rtasida “Yangi ovoz” tanlovi e’lon qilinib, uning hududiy bosqichlari o‘tkazildi. Tanlovga faqat jonli ijroda qo‘shiq ayta oladiganlar saralanmoqda.
2021 yil 21 yanvarda «Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Mazkur qonun madaniyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solish bilan birga madaniyat va san’at muassasalari, ijodiy uyushma va birlashmalarning huquqiy maqomi, ijodkorlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan yagona huquqiy baza yaratilishiga zamin yaratdi.
Matbuot anjumanida soha mutaxassislari tomonidan ushbu qonunning mazmun-mohiyati ham tushuntirildi. Kelajakdagi reja va takliflar o‘rtaga tashlandi. Masalan, telejurnalist tomonidan yosh, iqtidorli ijodkorlarni topib berish taklifi madaniyat xodimlariga manzur bo‘ldi. Ular birgalikda yosh san’atkorlarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib olishdi.