Qo‘shrabot “madaniyat”i qachon rivojlanadi?

Bayramlar bo‘lmasa Qo‘shrabot tumani madaniyat bo‘limi borligi sezilmaydi. Bayramlarda esa madaniyat bo‘limining ovoz kuchaytirgich uskunalari yo‘qligi, bori ham yaroqsizligi yaqqol seziladi.

Keyingi yillarda Qo‘shrabot markazidagi Mustaqillik ko‘chasining har ikki tomonida eski imoratlar yangilandi, qo‘shimcha zamonaviy binolar qurildi.  Ammo tuman madaniyat bo‘limi e’tibordan chetda qolmoqda. Boz ustiga, bu tashkilotda madaniyat bo‘limiga mutaxassislar ham yetishmaydi.

Bugungi kunda bo‘limda 44 nafar xodim faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, shundan 50 foizini nomutaxassis kadrlar tashkil etadi. Samarqand shahridagi ixtisoslashtirilgan san’at maktabida o‘qituvchilik qilayotgan Anvar Ibragimovni inobatga olmasak, tuman tarixida taniqli san’atkor yoki respublika ko‘rik-tanlovlarida g‘olib bo‘lgan qo‘shrabotlikni topish qiyin.

- Madaniyat sohasi xodimi madaniyatli, mas’uliyatli, fidoyi bo‘lishi kerak, - deydi tuman hokimi o‘rinbosari X.Ko‘bayev. – Qo‘shrabotda esa o‘z kasbining ustasi bo‘lgan, san’at yo‘nalishida yutuqlarga erishgan mutaxassislarni topish qiyin. Tuman tarixi va madaniyatini yaxshi biladigan, zamon bilan hamnafas yashaydigan kadrlarga ehtiyoj katta. Hududimizda 4 ta madaniyat markazi bo‘lsa, hech birining faoliyati qoniqarli emas. Joylarda tashkil etilayotgan madaniy tadbirlar ko‘ngildagidek o‘tmaydi. Bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan sohaga alohida e’tibor qaratilyapti. Faqat bu imkoniyatlardan oqilona foydalanish kerak.

Tumanda iqtidorli, san’atga qiziquvchi bolalar kam emas, ammo ularni izlab topish va iqtidorini yuzaga chiqarish talab etiladi.  

- Bo‘lim qoshidagi to‘garaklarga havaskor yoshlar qatnashadi, ammo maktab darslari va uy yumushlariga ulgurmayotganligini bahona qilib mashg‘ulotlarga kelmay qo‘yadi, - deydi tuman madaniyat bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi E.Xolboyev. – Aslida ularni qiziqtirish bizning vazifamiz. Shuningdek, bunda ota-onalarning ham o‘rni bor. Binolarimiz eski, musiqa asboblarimiz yetishmasligi ham oldimizdagi katta muammo. 2022 yilda bo‘lim uchun zamonaviy bino qurilishi rejalashtirilgan. Shunda yangi musiqa asboblari ham keltiriladi, degan umiddamiz.

Bu yaxshi, albatta. Ammo yangi bino qurilib, uni zamonaviy jihozlar va asbob-uskunalar bilan ta’minlagan bilan biror natijaga erishib bo‘larmikan?! Buning uchun tajribali, jonkuyar kadrlar zarur emasmi?

Viloyat markazlarida katta-katta tadbirlarni o‘tkazadigan rejissyorlar, ularda ishtirok etadigan tajribali san’atkorlar chekka tumanga ishga taklif qilinsa, qishloq sharoitida mehnat qilishga rozi bo‘lmasligi tabiiy. Hech bo‘lmasa, shu olis hududlarda o‘tkaziladigan bayram tadbirlarida, ko‘rik-tanlovlarda bosh-qosh bo‘lib tursa, qishloq odamlarining ham shahardagidan qolishmaydigan ko‘ngilochar dasturlarni tomosha qilishiga, havaskor yoshlarning san’atga qiziqishining ortishiga, orzulari ushalishiga sabab bo‘larmidi?

Dilnoza Hasanova.