Samarqandda adliya organlari tomonidan shahar va tuman hokimliklarida 300 dan ortiq qonun buzilish holatlari aniqlangan
Viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i S.Nuriyev zarnews.uz ga bergan ma’lumotida hokimliklarning 200 dan ortiq qarorlari bekor qilinishi sabablariga ham to‘xtaldi.
Qayd etilishicha, davlatimiz rahbarining 2017 yil 19 yanvardagi “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish masalalari majburiy tartibda adliya organlari bilan kelishilishi belgilangan.
Biroq yuridik xizmat lavozimiga nomzodlarni tanlash va ishga qabul qilish ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi. Adliya organlari yuridik xizmat xodimlarini lavozimga tayinlash bo‘yicha o‘tkazilgan suhbat asosida yuridik xizmat xodimlarining huquqiy bilimiga baho berib, lavozimga tayinlanishiga muvofiqligini bildiradi, xolos.
Yuridik xizmat xodimi tashkilotning yuridik hujjatlarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazishida va unga huquqiy baho berishida adliya organlari ishtirok etmaydi hamda faoliyatiga aralashmaydi.
O‘rganish va monitoring natijasida shahar va tuman hokimliklarida 300 dan ortiq qonun buzilish holatlari aniqlandi, 200 dan ortiq qarorlar bekor qilingan.
Ammo ushbu kamchiliklarda faqatgina yuridik xizmat xodimini ayblash noo‘rin. Chunki hokimlikda qabul qilinayotgan barcha qarorlar ham yuridik xizmat xodimi tomonidan ishlab chiqilmaydi va huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmaydi. Qaror loyihalari yo‘nalishiga ko‘ra kotibiyat xodimlari tomonidan ishlab chiqiladi va aksariyat hollarda huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun yuridik xizmat xodimiga taqdim qilinmasdan qabul qilinadi. Oqibatda qonun hujjatlariga zid tarzda qarorlar qabul qilinmoqda.
Mazkur holatlarning oldini olish maqsadida adliya vazirligining tashabbusi bilan joriy yildan adliya bo‘limlari huzurida yuridik xizmat markazlarini ochish rejalashtirilgan.
Shuningdek, joriy yilning iyul oyidan esa Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 apreldagi qaroriga muvofiq “E-qaror” elektron tizimi ishga tushiriladi va hokimlarning qarorlarini ishlab chiqish, qabul qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ularga takrorlanmaydigan maxsus raqam berish tartibi joriy etiladi.