Samarqandda AQSh va Xitoy hamkorligida qo‘shma korxona ochiladi
Samarqandda “O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha investitsion strategik hamkorlik” loyihasi doirasida Xitoy davlatining “Beijing Huiyuan Holding Co.LTD” va Amerikaning “GMFR Global group Co.LTD” kompaniyalari hamda Samarqand viloyati hokimligi o‘rtasida uch tomonlama shartnoma imzolandi.
Tadbirda AQSh, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalardagi aloqalar ko‘p yillik tarixga ega ekanligi ta’kidlandi. Viloyat hokimi E.Turdimov mamlakatimizda xorijlik investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar xususida ma’lumot berdi.
– Mazkur loyihaning dastlabki bosqichi 350 million AQSh dollarni tashkil etib, xitoylik hamkorlarim bilan Samarqand viloyatida chorvachilik, intensiv bog‘, zamonaviy issiqxonalar qurib uch yo‘nalishda klaster sifatida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz, – deydi “GMFR Global group Co.LTD” kompaniyasi vakili Dilovar G‘ulom. – Buning natijasida, dastlabki bosqichda har xil turda qadoqlangan suv va sharbat hamda sut mahsulotlari ishlab chiqarilsa, keyingi bosqichda vino mahsulotlari tayyorlanadi.
Loyiha amalga oshgach korxonada yiliga 20 million tonna qadoqlangan suv, sut va sut mahsulotlari ishlab chiqarilib, mahsulot to‘liq eksportga yo‘naltiriladi. Natijada mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Shuningdek, uchrashuvda loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi.