Zulayho Mahkamova: Oilalarga ko‘mak berish masalalari bo‘yicha 40 dan ortiq imtiyozlar berildi
Viloyat hokimligida Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova hamda viloyat faollari, oila va xotin-qizlar bo‘limlari, sog‘liqni saqlash, bandlik, ichki ishlar boshqarmalari vakillari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan joriy yilning 10 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar tahlil etildi. Shuningdek, viloyatda xotin-qizlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar, ularning jinoyat qurbonlari bo‘lish sabablari bilan bog‘liq masalalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
-Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tuzilganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q, ammo bu vaqt davomida oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalasida ish olib borishning tizimli mexanizmi yo‘lga qo‘yildi, - deydi Zulayho Mahkamova. – Oilalarga ko‘mak berish masalalari bo‘yicha 40 dan ortiq imtiyozlar berildi. U bandlik, sog‘liqni saqlash, uy-joy, hunar o‘rganish, oliy ta’lim muassasasida o‘qish kabi qator sohalarni qamrab olgan. Bugun biz voyaga yetayotgan qizlarimizning ma’rifatli, kitobxon, hunarli bo‘lishlari yo‘lida qator ishlarni olib bormoqyapmiz. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilada tarbiya topayotgan, boquvchisini yo‘qotgan qizlarning oliy ta’lim muassasalariga kirishi uchun imtiyozlar berilayotgani, ularning kasb-hunar egallashi uchun bepul markazlar tashkil etilayotgani, shular jumlasidan. Chunki bizning ertamiz, kelgusi avlod tarbiyalovchilari shu qizlarimizdir.
Keyingi yillarda mamlakatimizda ilk bor ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarning uy-joy bilan ta’minlanayotgani qator muammolar girdobida qolayotgan xotin-qizlar va bolalarning kelajagini ta’minlash bilan barobardir. Afsuski, amalga oshirilayotgan ishlarga qaramay, ba’zi ko‘ngilni xira qiladigan holatlarning sodir bo‘layotgani har bir bo‘g‘in o‘z ishini a’lo darajada amalga oshirmayotganidan dalolat beradi. Xususan, Samarqandda shu oyda sodir bo‘lgan ikki noxush voqea: biri Samarqand tumanida o‘zi va farzandlari joniga qasd qilgan ona bo‘lsa, ikkinchisi Urgut tumanida qaynonasini g‘isht bilan urib, halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan kelin voqeasi.
Biz ikki holatni ham chuqur o‘rgandik. To‘g‘ri, ikki ayolga ham qonuniy chora ko‘riladi, ular o‘z qilmishiga yarasha jazosini oladi. Ammo masalaning bir tomoni, oiladagi bu kelishmovchiliklar uzoq yillar davom etib ketgan. Mahalla faollari ular tinch oila edi, deb aytishayotgan bo‘lsa-da, ammo unday emas. Bugun qo‘mitaning barcha quyi tizimlari vakillaridan ham, mahalla faollaridan ham talab qiladiganimiz bitta: har bir xonadondagi vaziyatdan boxabarlik. Sababi, zo‘ravonlik birdan oshkor bo‘ladi, ammo tazyiq yillar davomida oila a’zolari, xususan, kelinni qiynab keladi. Va kutilmaganda noxush holatlarning sodir bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Bugun joylarda "Oqila ayollar" harakatlari tuzildi, ushbu harakat a’zolaridan birgalikda faollik ko‘rsatishlarini so‘rab qolaman
Yig‘ilish davomida jinoyat sabablari tahlil etildi, mutasaddilarga aniq vazifalar qo‘yildi.
Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ertaga Urgut tumanida tizimda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishi hamda sayyor qabul o‘tkazishi rejalashtirilgan.