Samarqandda Bahodir Yalangto‘shbiy nomi bilan ataluvchi mahalla tashkil etiladi

Samarqand shahar hokimi, toponimik ob’yektlarga nom berish masalalarini muvofiqlashtiruvchi shahar komissiyasi raisi B.Obloqulov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Obod maskan mahalla fuqarolar yig‘inidan ajralib chiqayotgan yangi mahalla fuqarolar yig‘iniga munosib nom berish takliflari haqidagi masala muhokama etildi.

“Geografik ob’yektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonun ijrosini ta’minlash, ushbu qonunga muvofiq geografik ob’yektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash shahar bo‘limining takliflari o‘rganib chiqildi. Komissiya a’zolari tomonidan yangi mahallaga Qorasuv hamda Bahodir Yalangto‘shbiy nomlari taklif etildi. Ushbu taklif toponimik ob’yektlarga nom berish masalalarini muvofiqlashtiruvchi viloyat komissiyasiga taqdim etildi.

Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati.