Samarqandda bio-iqtisodiyot yo‘nalishida kadrlar tayyorlanadi
Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialiga Latviya qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Yedvards Ratniyeks, Latviya Hayot fanlari va texnologiyalar universiteti prorektori, professor Aigars Laizans, Yerasmus+ dasturining BioYecUz (O‘zbekistonda barqaror bio-iqtisodiyot bo‘yicha yangi magistratura o‘quv dasturlari) loyihasining bosh koordinatori Irina Kulitanelar keldi.
O‘tkazilgan hamkorlik uchrashuvida tomonlar filial professor-o‘qituvchilarining malakasini Latviya universitetlarida oshirish, maxsus mutaxassisliklar bo‘yicha stajirovkalar tashkil qilish hamda qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi bosqichlarda birgalikda hozirgi davrning eng dolzarb sohalari “Oziq-ovqat xavfsizligi” va “Bio-iqtisodiyot” yo‘nalishlarida O‘zbekiston uchun zamonaviy mutaxassislar tayyorlashga kelishib oldi.
Uchrashuvning bir qismi filialda Yerasmus+ dasturining BioYecUz (O‘zbekistonda barqaror bio-iqtisodiyot bo‘yicha yangi magistratura o‘quv dasturlari) loyihasini rivojlantirishga qaratildi. Loyihaning bosh koordinatori Latviya Hayot fanlari va texnologiyalari universiteti professori Irina Kulitane bilan loyihaning O‘zbekistondagi hamkor universitetlaridan kelgan vakillar va filial professor-o‘qituvchilari kelgusidagi faoliyat haqida maslahatlashdi.
Uchrashuvda hamkorlikda tashkil qilinayotgan bio-iqtisodiyot yo‘nalishidagi fanlar dasturlari, professor-o‘qituvchilarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, loyihaning ishchi paketlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha kelishuv amalga oshirildi.
Ma’lumot o‘rnida: BioYecUz (O‘zbekistonda barqaror bio-iqtisodiyot bo‘yicha yangi magistratura o‘quv dasturlari) loyihasi O‘zbekistondagi to‘rtta hamkor oliy ta’lim muassasalari: Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Buxoro davlat universiteti va Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali ishtirokida bio-iqtisodiyot yo‘nalishida 2022-2023 akademik yildan boshlab magistratura yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash maqsadida tashkil qilingan.
Toshkent davlat agrar universiteti
Samarqand filiali axborot xizmati.