TDAU Samarqand filialida koreyaliklar kartoshka urug‘i yetishtirishni yo‘lga qo‘yadi

Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialiga Koreya qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va qishloq munosabatlari vazirligi (MAFRA)ning Qishloq hududlarini rivojlantirish korporatsiyasi (KRC) tomonidan delegatsiya tashrif buyurdi.

- Respublika qishloq xo‘jaligidagi eng katta muammolardan biri bu  – kartoshka urug‘chiligi, - dedi filial direktori Shavkat Hasanov delegatsiya vakillariga. - O‘zbekiston har yili xorijdan o‘rtacha 20-25 mln. AQSh dollari qiymatidagi urug‘lik kartoshka sotib oladi. Agar iste’mol uchun import qilingan miqdorni ham qo‘shsak bu raqamlar bir necha baravarga ortadi. Shu sababli biz kartoshka urug‘chiligini rivojlantirish, import hajmini kamaytirish maqsadida ushbu loyiha konsepsiyasini ishlab chiqdik. Bu birinchidan, chetdan kelayotgan urug‘lik mahsulotlarini kamaytiradi, ikkinchidan mahalliy bozorda kartoshkaning narxini pasaytiradi.

Tashqi savdo va investitsiyalar vazirligi tomonidan loyihamiz ma’qullanib, Koreya hukumatiga taqdim etildi. Koreyalik hamkorlar filial tomonidan ishlab chiqilgan loyihaga qiziqish bildirgani sababli sharoitni o‘rganish maqsadida O‘zbekistonga keldi.

Delegatsiya vakillari filial rahbarlari bilan O‘zbekiston sharoitida kartoshkaning sifatli mahalliy sharoitlarga mos navlari, elita urug‘larini yetishtirish haqida munozara olib bordi. Chet ellik mutaxassislar filialga ajratilgan yer maydonlarini ko‘zdan kechirdi, tuproq unumdorligi, yer osti va yer ustki suvlarining tarkibi, hajmi bilan qiziqdi.

Aslida ushbu loyiha bir yil oldin amalga oshirilishi kerak edi. Pandemiya sababli ish ortga surildi. Loyiha tasdiqlangach, Koreya tomonidan filialga urug‘chilik yetishtirishga mo‘ljallangan laboratoriya va issiqxonalar qurish uchun mablag‘ ajratiladi. Natijada kartoshka urug‘i o‘zimizda yetishtiriladi va mahalliy dehqonlar kartoshka urug‘ini chet eldan sotib olish kamayadi.

Ma’lumot uchun: TDAU Samarqand filialiga viloyat hokimligi tomonidan 50 gektar yer ajratilgan. Hozir ushbu maydonda g‘alla, intensiv bog‘, no‘xat, kartoshka, sabzavot ekinlari, turli mevali ko‘chatlar tajriba tariqasida ekilgan.

Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali axborot xizmati.