TDAU Samarqand filialida qorako‘lchilik va sirtqi ta’lim yo‘nalishi ochildi

Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida 2021-2022 o‘quv yili uchun qabul kvotalari tasdiqlandi.

Qabul parametrlariga ko‘ra, bu yil filialga bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga 450 ta (shundan 100 tasi davlat granti, 350 tasi to‘lov-shartnoma asosida), magistratura ta’lim yo‘nalishiga 88 ta, sirtqi ta’lim yo‘nalishiga 50 ta kvota ajratildi.

Bu yil filialda bakalavriat ta’lim yo‘nalishida zooinjeneriya (qorako‘lchilik) yo‘nalishi ochildi va unga 25 nafar o‘quvchi qabul qilinadi.

Shuningdek, magistratura ta’lim yo‘nalishida qo‘shimcha ekonometrika, organik dehqonchilik va oziq-ovqat xavfsizligi, dorivor o‘simliklarni yetishtirish texnologiyasi yo‘nalishlari ochildi.

Bundan tashqari, filialda yangi o‘quv yilidan sirtqi ta’lim yo‘nalishi ham ochildi. Sirtqi ta’limda buxgalteriya hisobi va audit (qishloq xo‘jaligida), agronomiya (dehqonchilik mahsulotlari turlari bo‘yicha) yo‘nalishlari bo‘lib, har ikkala yo‘nalishga 25 nafardan jami 50 nafar talaba qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz: filialda bakalavriat ta’limida 16 ta, magistraturada 17 ta va sirtqi ta’limda 2 ta yo‘nalish mavjud.

Toshkent davlat agrar universiteti

Samarqand filiali axborot xizmati.