Samarqandda bir haftada 42 ta ulgurji iste’molchi gaz tarmog‘idan uzildi

Samarqand viloyatida tabiiy gaz nazorati va hisobini yuritishning avtomatik tizimini joriy etish hamda foydalanilgan tabiiy gaz uchun to‘lovlarni undirishning bugungi holati viloyat hokimi va sektor rahbarlari, “Hududgaz Samarqand” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutasaddilari ishtirokida muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, “O‘zneftgazinspeksiya” Samarqand viloyat hududiy bo‘limi tomonidan tuzilgan ishchi guruh 29 sentyabrdan 6 oktyabrgacha viloyatda tabiiy gaz iste’molida mavjud qarzdorlikni qisqartirish va noqonuniy foydalanishning oldini olish maqsadida o‘rganish ishlarini amalga oshirdi. Tadbir davomida birgina Samarqand shahrida 509 ta ulgurji iste’molchining 3 milliard 310 million so‘m debitor qarzdorligi aniqlandi. Natijada 42 ulgurji iste’molchi tabiiy gaz tarmog‘idan uzildi, 198 tasidan 1 milliard 750 million so‘m undirildi. 17 ta qarzdor ulgurji iste’molchi bo‘yicha iqtisodiy sudlarga da’vo arizalari kiritildi. 

Shuningdek, aholi xonadonlarida tabiiy gazdan foydalanish va to‘lovni amalga oshirish holati o‘rganilib, 695 ta yirik iste’molchi tarmoqdan uzib qo‘yildi. Ularning 40 nafariga nisbatan sud idoralariga da’vo arizalari kiritildi. Bir hafta davomida qarzdorlardan 483 million so‘m undirilgan.

Muloqot chog‘ida viloyat hokimi E.Turdimov aholi tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirilayotgan tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolarga ham soha mas’ullari alohida e’tibor qaratishi kerakligini ta’kidladi. Jumladan, uch oydan buyon gaz balloni yetkazilmagan Paxtachi tumani Fay mahallasi aholisi hamda Samarqand shahridagi Alisher Navoiy shoxko‘chasidagi xonadonlarda tabiiy gaz bosimi keskin pasaygani bo‘yicha aholi murojaatlariga nega javob berilmayotganiga izoh so‘radi.

Viloyat hokimligi ishchi guruhi tomonidan avtomobillarga siqilgan gaz to‘ldirish shoxobchalarida o‘tkazilgan monitoring davomida ushbu haftada tabiiy gaz nazorati va hisobini avtomatik yuritish tizimidan uzilishlar soni avvalgisiga nisbatan kamaygani kuzatilgan bo‘lsa-da, shunday holat hanuz uchramoqda. 2 oktyabrdan buyon viloyatdagi 34 ta gaz to‘ldirish shoxobchasi tabiiy gaz nazorati va hisobini avtomatik yuritish tizimidan uzilgan. Buni mas’ullar Toshkent shahrida joylashgan server qurilmasi ishlamay qolgani bilan izohladi va barcha ma’lumotlar 10 oktyabrgacha qayta tiklanishini bildirdi.

Muhokama jarayonida Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlaridagi barcha yuridik shaxslarni 1 noyabrgacha yangi avtomatlashtirilgan tizimga ulash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.