Samarqandda Biznes-ombudsman xulosasi asosida 16 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ularning faoliyatiga davlat organlarining asossiz aralashuvini oldini olish, xususiy mulk daxlsizligining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash, shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlari huquqlarining ustuvorligi prinsipini ta’minlash borasida bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Biznes-ombudsmanning Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi xodimlariga 2020 yilning 6 oyi mobaynida tadbirkorlik sub’yektlaridan 156 ta murojaat kelib tushdi. Mazkur murojaatlarning 39 tasi qanoatlantirildi, 93 tasi bo‘yicha tegishli tartibda huquqiy tushuntirish berildi, 18 ta murojaat tegishliligiga ko‘ra boshqa idoralarga yuborildi.

Kelib tushgan murojaatlarning 25 foizi yer va binolar bilan bog‘liq masalalarga, 10 foizga yaqini soliq munosabatlariga, 8 foizi shartnomaviy munosabatlarga, 5 foizdan ortig‘i kredit va banklar faoliyatiga oid murojaatlarni tashkil qildi.

Jumladan, “GRAVER MENEDJMENT” MChJ bir necha oydan buyon noruda foydali qazilmalarni qazib olish uchun huquq beruvchi litsenziya ololmay kelayotganligi haqidagi murojaati bo‘yicha tadbirkorga qisqa muddatlarda litsenziya olib berilishi ta’minlandi.

Davlat organlari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan o‘tkazilgan tahlil va o‘rganishlar natijalariga ko‘ra, davlat idoralariga 5 ta taqdimnoma yuborildi, sudlarga tadbirkorlar manfaatini ko‘zlab 9 ta arizalar kiritildi.

Tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida noqonuniy ravishda tekshirishlar o‘tkazganligi, ular faoliyatini noqonuniy ravishda to‘xtatib qo‘yganligi, tadbirkorlarga belgilangan muddatlarda ruxsatnomalarni bermaganligi, belgilangan imtiyoz va preferensiyalarni qo‘llamaganligi, shuningdek, tadbirkorlarning murojaatlarini o‘rganish bo‘yicha so‘rov xatlari bo‘yicha noto‘g‘ri ma’lumot berganligi yoki murojaatni ko‘rib chiqish muddatini buzganligi kabi huquqbuzarliklar uchun soliq, qurilish nazorat inspeksiyasi, maktabgacha ta’lim, yer resurslari va davlat kadastri, agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish, kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish idoralarida faoliyat yurituvchi 19 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, sudlarga yuborildi.

Kiritilgan ta’sir choralari natijasida hokimliklar va boshqa davlat idoralarining 6 ta hujjatlari bekor qilindi, qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan 16 nafar shaxs ma’muriy, 13 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi.

Shodibek XAMRAYeV,

Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi yetakchi inspektori.